Jahon | 21:17 / 05.10.2024
2467
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi Eronga «jiddiy va salmoqli» javob tayyorlayotganini ma’lum qildi

Mamlakat armiyasi 1 oktyabr kuni Eron tomonidan uyushtirilgan raketa zarbasiga javoban chora ko‘rmoqchi ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Eronga qarshi javob zarbasiga tayyorlanmoqda, deb xabar berdi Armiya radiosi («Galey TsAHAL») jurnalisti Doron Kadosh.

«Bu jiddiy va salmoqli bo‘ladi, biz Tayyorgarlik markazidamiz va ko‘p vaqtimizni shu bilan bog‘laganmiz. Bu Eron uchun oqibatlarga olib keladi va ular buni yaxshiroq tushunadi», deyiladi jurnalist tomonidan keltirilgan TsAHAL bayonotida.

Shuningdek, TsAHAL mintaqadagi hamkor davlatlardan hujumda «muhim» hamkorlikni kutayotganini aytdi.

The Times of Israel ham Eronga «jiddiy va salmoqli» javob tayyorlanayotgani haqida yozdi.

1 oktyabr kuni kechqurun Eron Isroilga hujum qildi. TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron 201 ta raketa uchirdi, ularning aksariyati Isroil havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Eron bu hujumni «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) general-mayori Abbos Nilforushanning 27 sentabrda halok bo‘lganiga javob sifatida izohladi. Har ikkalasi Isroil zarbalari qurboni bo‘lgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron hujumida bir kishi halok bo‘ldi. Isroillik shifokorlar yengil jarohatlar haqida xabar berdi.

Tehron, agar Isroil qasos olishga qaror qilsa, «yangi vayronkor hujumlarga duch kelishidan» ogohlantirdi. O‘z navbatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron o‘zining «katta xatosi» uchun javob berishini aytdi.

Mavzuga oid