Jahon | 12:00
1775
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «Brekzit» paytida irlandiyalik siyosatchini yollagan 

Xorijga qilgan safarlar chog‘ida o‘g‘irlangan internet-faolligi tarixi Rossiya razvedkasiga irlandiyalik parlamentariyni yollashda yordam bergan, deb yozadi The Sunday Times.

Foto: picture alliance / Bildagentur-online/AGF/G. Masci

«Brekzit» bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Rossiya razvedkasi irlandiyalik siyosatchini Kreml agenti sifatida yollashga muvaffaq bo‘ldi, u fosh bo‘lishiga qaramay, nafaqat ozodlikda, balki Irlandiya parlamenti a’zosi ham bo‘lib turibdi. Bu haqda 6 oktyabr, yakshanba kuni The Sunday Times gazetasi razvedka xizmatlaridagi manbalarga tayanib yozdi.

Nashrning ta’kidlashicha, gap kim haqida ketayotgani ma’lum, ammo «yuridik sabablarga ko‘ra» siyosatchining nomi oshkor etilmaydi, u maqolada «Kobalt» taxallusi bilan tilga olingan.

The Sunday Times nashrining yozishicha, u 2019-2022 yillarda Dublindagi Rossiya elchixonasida yashirin ishlagan rossiyalik josus Sergey Prokopev bilan uchrashgan. Maqolada Moskva va Dublin o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan davrda yollashning maqsadlaridan biri Britaniya, Irlandiya va YeI o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazish deb ataladi.

Xavfsizlik rasmiylarining fikricha, Rossiyadan hech qanday pul mukofoti olmagan Kobalt «asal tuzog‘i»ga tushib qolgan – dushman razvedkasi xodimi jabrlanuvchini jinsiy aloqaga jalb qilish amaliyoti doirasida yollangan. Nashrning qayd etishicha, Kobalt va ayol agent o‘rtasidagi bir nechta uchrashuvlar qayd etilgan, biroq u hech qanday qonunni buzmagani uchun chora ko‘rilmagan.

The Sunday Times gazetasi tanishib chiqqan parvozlar haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kobalt Rossiya razvedka xizmatlari erkin faoliyat yuritadigan Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlarga sayohat qilgan. Shunday qilib, uning ushbu xorijiy safarlari davomida tutib olingan internet-faolligi tarixi siyosatchiga qarshi ayblov dalillarini taqdim etishda rol o‘ynagan deb taxmin qilinadi.

Mavzuga oid