Jahon | 23:14 / 07.10.2024
1119
3 daqiqa o‘qiladi

Telegram uyushgan jinoiy guruhlarning «xufyona bozorlariga» aylandi – OAV

BMT maxsus qo‘mitasi Telegram jinoyatchilar uchun qulay muhitga aylangan deb hisoblamoqda.

Foto: Getty Images

Janubi-Sharqiy Osiyodagi uyushgan jinoiy guruhlar Telegram messenjeridan keng miqyosda foydalanmoqda, bu uyushgan jinoyatchilikning noqonuniy faoliyati usullarini jiddiy tarzda o‘zgartirdi. Bu haqda BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan hisobotda aytiladi, deb xabar berdi Reuters.

Hisobotda Telegram platformasiga qarshi ayblovlar qo‘yilgan. Jumladan, ta’kidlanishicha, messenjerda o‘g‘irlangan ma’lumotlar, kredit karta ma’lumotlari, parollar va brauzer tarixi keng miqyosda ochiq tarzda sotilmoqda.

Shu bilan birga, hisobotda aytilishicha, kiberjinoyatlar uchun ishlatiladigan vositalar, jumladan, firibgarlik va ma’lumotlarni o‘g‘irlash uchun mo‘ljallangan «dipfeyk» deb ataladigan zararli dasturlar keng miqyosda sotilmoqda, litsenziyasiz kriptovaluta birjalari esa pul yuvish xizmatlarini taklif qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, «ma’lumotlarning xufyona bozorlari faoliyatini Telegram tarmog‘iga ko‘chirayotgani haqida ishonchli dalillar mavjud, Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar ulardan foydalanmoqda».

Janubi-Sharqiy Osiyo butun dunyo bo‘ylab firibgarlik sxemalari bilan qurbonlarni nishonga olayotgan ko‘p milliard dollarlik sanoat uchun asosiy markazga aylangan. Ularning ko‘pchiligi Xitoy sindikatlari bo‘lib, odam savdosi qurboni bo‘lganlar xizmatidan foydalanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ular jinoiy faoliyatdan yiliga 27,4 dan 36,5 milliard dollargacha daromad oladi. Ilova jinoyatchilar uchun «moderatsiya juda kamligi tufayli» qulay muhitga aylangan.

Hududdagi jinoiy guruhlar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan foyda ko‘lami ulardan innovatsiyalarni talab qildi, deyiladi hisobotda. Ular o‘z operatsiyalariga yangi biznes modellari va texnologiyalarini, jumladan, zararli dasturlar, generativ sun’iy intellekt va dipfeyklarni integratsiya qilgani aytiladi.

BMT hisobotida «Janubi-Sharqiy Osiyoda kiberfiribgarlik bilan shug‘ullanuvchi 10 dan ortiq soxta «dipfeyk» dasturiy ta’minot provayderlari aniqlangani ma’lum qilingan.

Telegram asoschisi Pavel Durov avgust oyida Parijda hibsga olingan va platformada jinoiy faoliyatga e’tiborsizlik qilganlikda ayblangan edi. Hibsga olinganidan so‘ng, garov evaziga qo‘yib yuborilgan Durov ilova foydalanuvchilarning IP-manzillari va telefon raqamlarini qonuniy so‘rovlar bilan murojaat qilgan rasmiylarga berilishini aytdi. U, shuningdek, ilova noqonuniy faoliyat uchun ishlatilgan ayrim funksiyalarni olib tashlashini ma’lum qildi.

Mavzuga oid