Jahon | 00:35
895
3 daqiqa o‘qiladi

ESA 2022 yilda yo‘nalishi o‘zgartirilgan asteroidga o‘z missiyasini uchirdi

DART missiyasi ikki yil oldin Didim asteroidining yo‘ldoshi Dimorf bilan boshqariluvchan to‘qnashuvni amalga oshirib, uning orbitasini o‘zgartirgan edi.

Foto: NASA

Florida shtatidagi Kanaveral burnidan asteroid bilan to‘qnashuv oqibatlarini o‘rganish uchun Hera kosmik missiyasi uchirildi. Germaniya tomonidan yaratilgan kosmik zond SpaceX kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketasida start oldi.

Ikki yilga mo‘ljallangan missiya NASA tomonidan amalga oshirilgan kosmik eksperimentdan ikki yil o‘tib boshlandi. 2021 yilda uchirilgan DART missiyasi 2022 yil sentabr oxirlarida Didim asteroidining yo‘ldoshi bo‘lgan Dimorf bilan boshqariluvchan to‘qnashuvni amalga oshirgan.

Natijada, inson tomonidan kosmosni tadqiq etish tarixida ilk bor osmon jismining orbitasi zondni to‘qnashtirish orqali o‘zgartirilgan. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, zond bilan to‘qnashuvga qadar Dimorf o‘zidan yirikroq Didim atrofida 11 soat 55 daqiqada aylanib turgan. To‘qnashuvdan keyin esa u 33 daqiqaga qisqargan, ya’ni Dimorf orbitasini Didimnikiga yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘lingan. NASA’dagilarning aytishicha, DART zondi bilan to‘qnashuvga qadar Dimorf hamda Didim asteroidlari Yerga hech qanaqa xavf tug‘dirmagan va hozirda ham ulardan hech qanday xatar yo‘q.

Yevropa kosmik agentligining (ESA) Hera missiyasi yuqoridagi eksperimentni o‘rganishga yo‘naltirilgan. Uning maqsadi kelajakda Yerni asteroidlardan himoya qilishning samarali usullarini ishlab chiqishga qaratilgan. 

Bremendagi OHB kompaniyasi tomonidan qurilgan kosmik apparat 2025 yilda Mars yonidan uchib o‘tishi, 2026 yilda esa Didim va Dimorf asteroidlariga yaqinlashishi kerak. Uning yordamida asteroidning shakli zarbadan keyin qanday o‘zgargani o‘rganiladi. Zond 12 ta o‘lchovchi qurilmalar va turli kameralar bilan jihozlangan.

Hera missiyasidan bir necha yil o‘tib, Ramses kosmik zondini ham uchirish reja qilinmoqda. U 2029 yil 13 aprelda Yerdan 32 ming kilometr uzoqlikdan uchib o‘tadigan, diametri 375 metrga yetadigan Apofis asteroidini tadqiq etadi.

Mavzuga oid