Jahon | 20:06 / 09.10.2024
1123
3 daqiqa o‘qiladi

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilindi

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti AlphaFold2 dasturi yaratuvchilari Xassabis va Jamperga «oqsilning uch o‘lchamli tuzilishi prognozi uchun», Beykerga esa «oqsilning kompyuter dizayni uchun» topshiriladi.

Foto: AFP

Nobel qo‘mitasi kimyo bo‘yicha 2024 yilgi mukofot sovrindorlarini e’lon qildi. Mukofotga Devid Beyker, Demis Xassabis va Jon Jamper munosib ko‘rildi.

AlphaFold2 dasturi yaratuvchilari Xassabis va Jamperga «oqsilning uch o‘lchamli tuzilishi prognozi uchun», Beykerga esa «oqsilning kompyuter dizayni uchun» mukofot topshiriladi.

Qayd etilishicha, laureatlarning ishlari qariyb yarim asrdan beri kimyo va biologiya oldida turgan fundamental muammoni hal etishga xizmat qilmoqda: proteindagi aminokislotalarning ketma-ketligi uning uch o‘lchamli tuzilishini belgilaydi, ammo hozirga qadar faqat shu ketma-ketlik orqali aniq qanday bo‘lishi kerakligini oldindan aytib bo‘lmasdi.

7 oktyabr kuni Nobel haftaligiga start berildi. Birinchi bo‘lib, fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha mukofot egalarining nomi e’lon qilindi. Amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkan mikroRNKni kashf qilgani uchun bu yilgi mukofot bilan taqdirlandi.

Fizika bo‘yicha mukofot esa Jon Xopfild va Jyeffri Xintonga nasib etdi — ularga mukofot «sun’iy neyron tarmoqlari yordamida Machine Learning’ning asosini tashkil etuvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun» beriladi.

10 oktyabrda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblarining nomlari ma’lum bo‘ladi. 11 oktyabr kuni Osloda tinchlik mukofoti sovrindori e’lon qilinadi, 14 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha mukofot g‘olibi aniqlanadi. Nobel mukofotining har bir kategoriyasi uchun 11 million shved kronasi tadqim etiladi. Bu bir million dollardan biroz ko‘proq.

Mavzuga oid