Sport | 12:30
2082
2 daqiqa o‘qiladi

World Boxing prezidenti O‘zbekistonga keldi

World Boxing xalqaro sport federatsiyasi prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. 

Foto: MOQ

7 oktyabr kuni World Boxing xalqaro tashkiloti prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi

Uchrashuvda uni sport vaziri Adham Ikromov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latov hamda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov qarshi olishdi. 

Yig‘ilishda Boris van der Vorst tashkilot faoliyati, uning maqsadlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bugungi kunga kelib, 49 davlat ushbu xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lib, boks rivoji bo‘yicha kelgusida qator istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan. 

Suhbat davomida boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 7 ta vazndan 5 tasida oltin medalni qo‘lga kiritgani, bugungi kunda O‘zbekiston boks olamida jahonda yetakchilardan biri ekani ham tilga olindi. Qolaversa, rasmiylar boksning Los-Anjyeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qolishi tarafdori ekanini bildirishdi.

Uchrashuvdan so‘ng tashkilot prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida O‘zbekistonga tashrifi haqida fikr bildirib, mamlakatdan qo‘llov olganidan xursandligini yozdi.

«Tashkiloti boks olamida ustunlikka ega O‘zbekiston tomonidan kuchli qo‘llov olganimizdan xursandman», deb qo‘shimcha qildi Boris van der Vorst.

Mavzuga oid