Marburg virusi: belgilari, yuqish yo‘llari va profilaktika choralari
Sharqiy Afrika davlatlarida tarqalayotgan marburg virusi tana suyuqliklari orqali yuqadi. Virus yuqtirgan bemorda bosh og‘rig‘i, isitma, tez charchash va mushaklarda og‘riqlar kuzatilishi mumkin.
Virus Sharqiy Afrika davlatlarida tarqalyapti. Jumladan, Ruandada 36 ta holat aniqlangan. Bemorlarning 11 nafari vafot etgan. Marburg virusi kirib kelishi oldini olish uchun Qozog‘iston xalqaro aeroportlarida chet ellik barcha yo‘lovchilarning tana haroratini masofadan o‘lchash amaliyotini joriy etyapti. Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda ham davlat chegarasini kesib o‘tish joylarida faoliyat yuritayotgan Sanitariya nazorat punktlarining hushyorligi oshirilgani haqida ma’lum qilgan.
JSST virus tarqalish xavfini mintaqaviy darajada yuqori, ammo global miqyosda past deb baholadi. Kasallikdan o‘lim darajasi 88 foizgacha yetishi mumkin.
Marburg qanday virus?
Marburg virusi ebola bilan bitta oilaga mansub va klinik jihatdan ham eboladan katta farq qilmaydi. U og‘ir va tez-tez o‘limga olib keladigan gemorragik isitmani keltirib chiqarishi mumkin. Virusga 1967 yilda Germaniyaning Marburg shahri nomi berilgan. Sababi o‘shanda ilk bor Marburgdagi laboratoriyada xodimlar virusni yuqtirib olgan. Virus Ugandadan laboratoriya tadqiqotlari uchun keltirilgan Afrika yashil maymunlarini yorib ko‘rish paytida qon va tana a’zolaridan yuqqan. Shundan keyin Germaniyaning Frankfurt, Serbiyaning Belgrad shahrida ham kasallanish holatlari qayd etilgan. Mevaxo‘r ko‘rshapalaklar bu virusni olib yuradi. Maymunlar yuqtirgandan keyin uzoq yashamaydi.
Epidemiya Angola, Kongo Demokratik Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Keniya, Gana, Gvineya, Uganda, Janubiy Afrika (yaqinda Zimbabvega sayohat qilgan odamda) va Tanzaniyada qayd etilgan. Hozirgacha rekord darajadagi eng katta epidemiya 2005 yilda Angolada bo‘lgan. Unda 374 kishi virusni yuqtirib, 329 nafari o‘lgan.
Belgilari
Marburgning inkubatsiya davri odatda 3-10 kun. Simptomlar virus yuqqan kundan 21 kun o‘tib boshlanadi. Kamdan kam holatlarda 28 kungacha cho‘zilishi mumkin.
Kasallik to‘satdan quyidagi belgilar bilan boshlanadi:
- kuchli bosh og‘rig‘i;
- bezovtalik;
- yuqori isitma;
- tez kuchsizlanish.
Virus yuqqanidan 3 kun o‘tib quyidagi belgilar namoyon bo‘lishni boshlaydi:
- suyuq ich ketishi;
- qorin og‘rig‘i;
- ko‘ngil aynishi;
- qusish.
Simptomlar tobora kuchayib borishi mumkin. Aksar bemorlarda 5-7 kundan keyin toshmalar paydo bo‘ladi. Og‘ir holatlarda teri ostidagi qon ketish, shilliq qavatlardan qon ketish kuzatiladi. Marburgning ko‘pgina dastlabki belgilari bezgak va boshqa yuqumli kasalliklarga o‘xshaydi. Kasallik laboratoriya tekshiruvida aniq bo‘ladi.
Qanday himoyalanish kerak?
Virusning yuqishi oldini olish choralari boshqa gemorragik isitma viruslariga o‘xshaydi. Himoyalanishda eng muhimi – infeksiyalangan tana suyuqliklarini, jumladan, qon va qonli suyuqliklar bilan ishlaganda hushyor bo‘lish kerak.
Virus yuqtirgan odam bilan, virusga test natijalari manfiy chiqmaguncha, aloqaga kirishmaslik tavsiya etiladi. O‘zida virus alomatlarini sezgan bemor darhol o‘zini boshqalardan izolyatsiya qilishi va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi kerak.
Ma’lumot uchun, ushbu virus uchun hali vaksina ishlab chiqilmagan.