Jahon | 22:55 / 12.10.2024
1265
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Ombudsamni migrantlar huquqlari buzilayotgani sababli Rossiya rasmiylariga murojaat qildi

Umid Bobozoda Rossiyada Tojikiston fuqarolari huquqlari poymol etilishi holatlarini e’lon qildi va bu muammoni hal qilishga chaqirdi.

Umid Bobozoda Foto: ombudsman.tj

Tojikistondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Umid Bobozoda Rossiya Ombudsmani Tatyana Moskalkovaga mehnat migratsiyasi masalasi bo‘yicha murojaat qildi. U Rossiyada Tojikiston fuqarolari huquqlari poymol etilishi holatlarini e’lon qildi va bu muammoni hal etishga chaqirdi.

Bobozoda o‘z murojaatida Rossiyada mehnat migrantlariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari, jumladan «kaltaklash va haqorat qilish» holatlari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston fuqarolari ko‘pincha Rossiyaga kirayotganda bir necha kun davomida «noqulay sharoitlarda» chegarada ushlab turilmoqda.

«Shu munosabat bilan Umid Bobozoda rossiyalik hamkasbi Tatyana Moskalkovani Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Tojikiston fuqarolari huquqlariga rioya etilishiga ko‘maklashish, bunday holatlarni nazoratga olish va tekshirishga chaqirdi», deyiladi murojaatda.

5 oktyabr kuni Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda rasmiylar Tojikiston fuqarolarining Rossiyadagi migratsiya tekshiruvidan xavotirda ekanini, rossiyalik ish beruvchilar esa respublikadan kelgan mehnat migrantlaridan manfaatdor ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «xavfsizlik haqidagi turli noaniq qoidalar bahonasida» Tojikiston fuqarolarining Rossiyaga kirishi taqiqlanmoqda, mamlakatdan chiqarib yuborilmoqda yoki chegarada ushlab turilmoqda.

10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan mehnat migratsiyasi masalalarini muhokama qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar konstruktiv, shov-shuv va hissiyotlarsiz o‘tgan. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin migratsiyani nazorat qilish uchun Rossiya va Tojikiston vakillaridan iborat ishchi guruh tuzishni taklif qildi.

Mavzuga oid