O‘zbekiston | 20:37 / 17.10.2024
1588
6 daqiqa o‘qiladi

17 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Isitish mavsumi boshlanadigan sana, poytaxtda tasdiqlangan pulli “parkovkalar” narxi, uch yilda ta’mirlanadigan 4700 ta ko‘prik va rekord darajaga yetgan elektromobillar savdosi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Isitish mavsumi qachon boshlanadi?

13 oktyabrdan O‘zbekistonning shimoliy hududlariga Ural hududidan sovuq va nam havo massalari kirib keldi. Markazlashgan issiqlik tarmog‘iga ulangan ko‘p qavatli uylar esa sovib qoldi.

Qurilish, uy-joy kommunal vazirligi matbuot xizmati qonunchilikka muvofiq sutkalik harorat 5 kun davomida ketma-ket 8 gradusdan past bo‘lgandan keyin isitish mavsumi boshlanishi kerak.

Bu yil kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti qachon boshlanadi? 

O‘zgidromet matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tashqi haroratning sutkalik 8 gradusdan past bo‘lishi yaqin bir hafta ichida kuzatilmaydi. 

Demak, istish mavsumi qachon boshlanishi hozircha noma’lum.

Toshkentda pulli “parkovka” narxlari tasdiqlandi

Toshkent shahar hokimining 16 oktyabrda qabul qilgan qarori bilan poytaxt ko‘chalari 5 ta tarif zonasiga ajratiladi va pulli avtoturargohlar tashkil etiladi.

Shu hujjat bilan pulli avtoturargohlardan foydalanish narxlari belgilandi. Zonalarga qarab mashinalarni parkovka qilish narxlari soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha belgilangan.

Ta’kidlanishicha, 2025 yil 1 yanvargacha “Tashkent Invest Kompaniyasi” AJ hokimlik huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Pulli to‘xtab turish joylari” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini foydalanishga topshiradi. Ishlab chiqilgan tartibga ko‘ra, pulli parkinglar investorlarni jalb qilgan holda tashkil etiladi.

To‘lovlar billing tizimi hisoblagichi ma’lumotlari asosida naqdsiz usulda yoki naqd pulda amalga oshiriladi.

Parkingdan favqulodda vaziyatlar va maxsus xizmatlar faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan transport vositalari; I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan nogironlarning transport vositalari, jumladan, nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari tekin foydalanadi

4700 ta ko‘prik uch yil ichida ta’mirlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda «Qo‘ng‘irot-Beynau» yo‘nalishidagi 240 kilometr yo‘l foydalanishga topshiriladi.

“Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘laydigan jami 4 ming kilometrlik xalqaro yo‘llarimiz eng yuqori talablarga javob berishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini jadallashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda 4700 ta ko‘prik ta’mirtalab holatda. Uch yillik dastur ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.

Toshkent viloyatiga mingta yangi avtobus xarid qilinadi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriq bergan. Buning uchun 1 mingta yangi avtobus xarid qilinadi.

Transport boshqarmasi aholining fikrini o‘rgangan holda, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan viloyat ma’muriy markazi Nurafshon shahri va poytaxt Toshkent shahriga yangi qatnov yo‘nalishlarini ishga tushiradi.

Ta’kidlanishicha, tashkil etilayotgan jamoat transport yo‘nalishlarining markazida Nurafshon shahri turishi lozimligi alohida qayd etilgan.

Elektromobillar savdosi rekord darajaga yetdi

Sentyabr oyida O‘zbekistonda garchi yangi yengil avtomobillar savdosi segmenti o‘sgan bo‘lsa ham, umumiy avtomobil savdosi 1,1 foizga kamaydi. Elektromobillar savdosi esa rekord darajaga yetdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, sentabr oyida avtomototransport vositalarining umumiy sotuvi 110,1 ming donani tashkil etdi, bu avgust oyiga nisbatan 1,1 foizga kam. Yillik hisobda bozor faolligi 25,5 foizga kamaydi.

Birlamchi yengil avtomobil bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 10,3 foizga yoki qariyb 3800 ta avtomobilga oshgan. Yillik hisobda faollik barqarorlashmoqda: agar avgust oyida savdoning pasayishi 1 foiz darajasida bo‘lgan bo‘lsa, sentabr oyida 7,7 foizlik o‘sish kuzatildi.

Xorijiy yengil avtomobillar bozoridagi o‘sish sekinlashdi. Agar avgust oyida ushbu segmentdagi sotuvlar 25,6 foizga oshgan bo‘lsa, sentabrda bu ko‘rsatkich 4,5 foizgacha sekinlashdi va taxminan 3300 donani tashkil etdi.

Yengil elektromobillar segmenti faollik ko‘rsatmoqda. Savdolar rekord darajada 2,4 baravar o‘sishni ko‘rsatdi, bu butun kuzatuv davridagi eng katta o‘sish hisoblanadi. Avgustda 4240 ga yaqin elektromobil sotilgan bo‘lsa, sentabr oyida bu ko‘rsatkich 1700 ga yaqin bo‘ldi.

Mavzuga oid