Fan-texnika | 18:42
1959
2 daqiqa o‘qiladi

Mobil 6G internet tezligi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi

Britaniyalik olimlar internet ma’lumotlarini uzatish tezligida katta natijaga erishdi. Bu kelajakdagi aloqa tarmoqlarida katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor va samarali uzatish uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Foto: Getty Images

London Universitet kolleji olimlari internet ma’lumotlarini uzatish tezligi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. Ular 938 Gbit/s tezlikka (bu bir soniyada 20 dan ortiq o‘rta metrajli filmlarni yuklab olishga teng) erishib, 6G texnologiyasini ishlab chiqishga yanada yaqinlashdi.

Ta’kidlanishicha, 5G tarmoqlari asosan soniyasiga 100 megabit atrofidagi ma’lumot uzatish tezligini taklif etadi. Bu yutuq elektron va optik uzatish usullarining innovatsion uyg‘unligiga asoslangan bo‘lib, u jamoaga simsiz tarmoqlardagi cheklovlarni bartaraf etish imkonini berdi.

Simsiz tarmoqlar tor chastota oralig‘idagi radioto‘lqinlar yordamida ishlaydi, bu esa tarmoqning ortiqcha yuklanishiga va ma’lumotlar uzatilishi sekinlashishiga olib kelishi mumkin.

Universitet olimlari bu muammoni radiotexnologiyalar va optik yechimlarni birlashtirgan holda keng chastotalar spektridan foydalangan holda hal qildi.

Jamoa ushbu noodatiy tezlikka erishish uchun ikkita chastota oralig‘idan foydalangan — biri 100 GGs atrofida, boshqasi esa 130-175 GGs oralig‘ida. Kompyuter protsessorlarida qo‘llaniladigan kvars generatori uzatish jarayonida signalni barqarorlashtirish vazifasini bajardi.

Tadqiqot bosh muallifi doktor Jisin Lyu ularning yondashuvi ikkita sinalgan texnologiyani birlashtirganini aytdi:

  • yuqori tezlikdagi elektronika;
  • millimetr to‘lqin diapazonidagi fotonika.

Bunday kombinatsiya katta hajmdagi ma’lumotlarni misli ko‘rilmagan tezlikda uzatish imkonini beradi.

Tezlikdan tashqari, ushbu texnologiya tarmoqning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish orqali ko‘p sonli foydalanuvchilarga bir vaqtning o‘zida ma’lumot uzatish imkonini beruvchi takomillashtirilgan o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ham ta’minlaydi.

Ushbu yutuq kelajakdagi aloqa tarmoqlarida katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor va samarali uzatish uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Mavzuga oid