Jahon | 11:20 / 21.10.2024
2659
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroilning Eronga zarbaga tayyorlanayotgani haqidagi ma’lumot sizib chiqqanini tekshirmoqda

AQShning o‘ta maxfiy hujjatlarida Eronga zarba berish uchun mo‘ljallangan o‘q-dorilarni tashish, Isroil havo kuchlarining keng ko‘lamli mashqlari va boshqa choralar haqida so‘z boradi. CNN telekanalining xabar berishicha, Vashington ma’lumotlar sizib chiqishini tekshirmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilning Eronga javob zarbasi berish rejalariga oid yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishini tekshirmoqda, deb xabar beradi CNN uch xabardor manbaning so‘zlariga tayanib. Eron bilan bog‘liq Middle East Spectator Telegram-kanalida «o‘ta maxfiy» deb tasniflangan hujjatlar e’lon qilingani haqida 19 oktyabr, shanba kuni Axios nashri xabar berdi. CNN suhbatdoshlaridan biri bu hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqladi.

Ularda so‘nggi kunlarda Isroil havo kuchlarining bir nechta bazalarida amalga oshirilgani aytilgan chora-tadbirlar batafsil bayon etilgan. Xususan, gap Eronga hujum qilish uchun mo‘ljallangan zamonaviy o‘q-dorilarni tashish, Isroil harbiy-havo kuchlarining razvedka samolyotlari va qiruvchi samolyotlari ishtirokidagi keng ko‘lamli mashg‘ulotlari hamda yerusti raketalaridan foydalanish, shuningdek, Isroilning Eronga uchuvchisiz uchish qurilmalari operatoriga hujumga tayyorgarligi haqida ketmoqda.

Eronparast Telegram-kanalning da’vo qilishicha, u e’lon qilgan hujjatlar Amerika razvedka idoralari: Milliy xavfsizlik agentligi va Milliy geofazoviy razvedka agentligi tomonidan tuzilgan. CNN ta’kidlashicha, qog‘ozlarda ularni faqat Qo‘shma Shtatlar va uning «Besh ko‘z» razvedka alyansidagi ittifoqchilari – Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya ko‘rishi mumkinligiga ishora qiluvchi belgilar mavjud.

Vashington surishtiruvining bir qismi sifatida Pentagondan kelgani taxmin qilinayotgan hujjatga kim kirishi mumkinligi tekshirilmoqda, deb xabar berdi CNN amerikalik amaldorga tayangan holda. Telekanal ta’kidlaganidek, har qanday bunday ma’lumot sizib chiqishi avtomatik ravishda FTBning Pentagon va Amerika razvedka xizmatlari bilan birgalikda tekshiruv o‘tkazishiga sabab bo‘ladi.

Bayden: «Yaqin Sharqdagi urushni tugatish vaqti keldi»

AQSh prezidenti Hamas yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilishiga izoh berdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Hamas yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilishini izohlar ekan, «bu urushni tugatish vaqti keldi», dedi.

Berlinda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga qo‘ng‘iroq qilib, «uni tabriklagani» va endi oldinga qarab harakat qilish vaqti kelganini aytganini bildirdi.

«Urushni tugatish va garovga olinganlarni uylariga qaytarish vaqti keldi. Biz bunga tayyormiz», deb ta’kidlagan Amerika yetakchisi va G‘azoda sulhga erishish uchun tegishli qadamlam tashlash kerakligini qo‘shimcha qildi.

Bayden AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Isroilga tashrifi haqida ham e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kundan keyin davlat kotibi Isroilga safar qilib, hamkasblari bilan mavjud vaziyatni muhokama qiladi.

Mavzuga oid