O‘zbekiston | 14:48 / 22.10.2024
10981
6 daqiqa o‘qiladi

Narkokurerga yordamlashgan profilaktika inspektori uzoq muddatga qamaldi

Andijonlik 29 yoshli narkokurer Rossiyadan turli maishiy texnika vositalari orasiga yashirilgan holda jo‘natilgan giyohvand vositalarini manzilidan olib, aytilgan joyga yetkazib berish bilan shug‘ullangan. U bu ishda Andijon tuman IIO FMB XPB profilaktika inspektori bilan jinoiy til biriktirgan. Narkokurer Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

Toshkentda giyohvand vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxsga hamda bu borada unga yordamlashgan profilaktika inspektoriga hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan, Andijon shahrida yashovchi Sh.A. giyohvand vositalarini bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish bilan shug‘allanib kelgan. U Telegram’dagi giyohvand moddalar onlayn savdosi bilan shug‘ullanadigan kanal egasidan topshiriqlarni olib turgan. Sh.A. asosan Rossiya davlatidan turli maishiy texnikalar ichiga berkitilgan holda jo‘natilgan giyohvand vositalarini yashirilgan yoki jo‘natilgan manzilidan olib, boshqa joyga yetkazib bergan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini tortmaslik hamda shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ishda yordamlashish uchun esa Andijon tuman IIO FMB XPB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan, 1991 yilda tug‘ilgan I.T. bilan jinoiy til biriktirgan.

Jumladan, Sh.A. 2024 yil 29 fevral kuni Rossiyadan O‘zbekistonga issiqlik pechi ichiga yashirilgan holda jo‘natilgan ko‘p miqdordagi giyohvand vositasini qabul qilib olgan. So‘ngra Telegram’da giyohvand moddalar onlayn savdosi bilan shug‘ullanadigan kanal egasi bilan aloqani uzgan Z.Yu. huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan yoki ushlanmaganini bilish uchun I.T.ga so‘rovnoma jo‘natgan. Profilaktika inspektori orqali Z.Yu.ning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ib, ulardan foydalangan.

2024 yil 5 mart kuni soat 17:00 da Sh.A. noma’lum shaxs tomonidan Rossiyadan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li orqali olib kelingan 4 dona yelim idish ichidagi 356,7 gramm mefedron moddasini Yangihayot tumani hududida qabul qilayotgan payti tezkor tadbirda ushlangan. Tezkor tadbir davomida Sh.A. vaqtinchalik yashayotgan Yashnobod tumani Elbek ko‘chasidagi xonadonda kelgusida sotish maqsadida giyohvand vositalari saqlab kelayotgani aniqlangan.

Profilaktika inspektori I.T. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.

Sh.A. bilan Andijon shahridagi fitnes klubida tanishganman. U tez kunda Andijon viloyatiga ko‘p miqdordagi psixotrop moddalar jo‘natilishi haqida ma’lumot borligini, xohlasa aytishini, ularni jinoyat ustida qo‘lga olishim mumkinligini bildirgandi. Uning bu taklifiga rozi bo‘lib, agar haqiqatan ham ma’lumotlari ishonchli bo‘ladigan bo‘lsa, bu haqda IIB boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat qilib, tezkor tadbir o‘tkazishim mumkinligini aytganman.

Sh.A. giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishini, shu moddalarning sotilishida ishtirokchi ekani haqida umuman gapirmagan. Dastlab tadbir haqida aytganida unga agar bu narsalarning ichida o‘zing ham bo‘ladigan bo‘lsang, seni ham qamashga majbur bo‘laman, deganman.

2024 yil fevral yoki mart oyida Sh.A. bir ayolning shaxsiga oid ma’lumotlarni Telegram orqali tashlab, nusxa ko‘chirib berishimni so‘radi. Undan bu ayol kimligini so‘raganimda psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanadigan shaxslarga aloqador bo‘lishi mumkin, dedi. Unga ma’lumotlarni nusxa qilib, qayta tashlab berdim.

Shundan so‘ng 6 mart kuni uni ichki xavfsizlik bo‘limi xodimlari IIBga chaqirdi. Meni Sh.A.ga rahnamolik qilganlikda ayblashdi. Ichki xavfsizlik xodimlariga bu ishga aloqam yo‘qligini bildirganimga qaramay, 12 soat davomida ushlab, qamatish va hujjatlarni prokuraturaga o‘tkazib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish bilan qo‘rqitgan holda ishdan bo‘shashim to‘g‘risida ariza yozdirib olishdi. Ular mening o‘zimni ham psixotrop moddalar iste’mol qilganlikda ayblashdi. Ammo sport bilan shug‘ullanishimni, taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, qora belbog‘ sohibi ekanimni aytdim”, degan I.T. o‘z ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan Sh.A. Jinoyat kodeksining 141-2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a, b” bandlari, 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 2-qismi, 25,273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi va 274-moddasi (giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni iste’mol qilishga jalb etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 11 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

I.T. esa Jinoyat kodeksining 141-2-moddasi 2-qismining “a, b, g” bandlari va 28,25,273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.  

Mavzuga oid