Jahon | 22:30 / 24.10.2024
10990
6 daqiqa o‘qiladi

Geosiyosiy xavotirlar muhokamasi: BRIKS sammitining bosh mavzulari nimalar bo‘ldi?

BRIKS a’zolari va ularga do‘st mamlakatlarning oliy delegatsiyalari 22-24 oktyabr kunlari Qozon shahriga yig‘ildi. Sammitda iqtisodiyot va moliya, geosiyosiy xavflar, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar hamda boshqa mavzular muhokama qilindi. Kun.uz muxbiri jarayonni bevosita yoritayotgan CGTN sharhlovchisi Huang Fei bilan bog‘lanib, sammitdagi tadbirlar haqida so‘radi.

Rossiyada Ukraina urushi boshlangandan keyingi davrdagi eng katta xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi. BRIKS sammiti uchun Rossiyaning Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahri tanlangan. Tashkilotga a’zo 9 davlatdan faqat Braziliya prezidenti uzoq masofali uchishga sog‘lig‘i dosh bermasligi sababi bilan unda videokonferensaloqa orqali qatnashdi. Bundan tashqari, guruhga kiruvchi davlatlarga do‘st mamlakatlardan ham delegatsiyalar taklif qilingan.

O‘zbekiston prezidenti ham amaliy tashrif bilan Qozonga borgan. U BRIKS+ formatidagi sammit yalpi sessiyasida qatnashdi. BRIKS a’zolarining o‘zi esa 23 oktyabr kuni alohida yalpi majlis o‘tkazib, yakunda Qozon deklaratsiyasini qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, umumiy manfaatlar asosida strategik sheriklik yanada rivojlanadi, noqonuniy sanksiyalar jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazayotganidan xavotir bildirildi, global jarayonlarda kam rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan Afrika davlatlari kengroq ishtirokka chaqirildi, Ukraina urushini muloqot orqali tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha vositachilik takliflari keltirilgan, Sudanda zo‘ravonlik kuchayishi va gumanitar inqiroz avj olayotganidan xavotir bildirildi, BMTning xalqaro tizimdagi markaziy rolini saqlab qolish kerakligi aytildi, birlashma davlatlari o‘zaro moliyaviy operatsiyalarda milliy valutadan foydalanishga qaror qildi, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda bir tomonlama choralarni ko‘rmaslik taklif qilindi, Jahon savdo tashkilotini isloh qilish va shunga o‘xshagan bandlar yakuniy deklaratsiyadan o‘rin oldi.

Ukraina va uning atrofidagi vaziyat bo‘yicha milliy pozitsiyalar ham hujjatda eslatib o‘tilgan. CGTN sharhlovchisi Huang Feiga ko‘ra, davlat rahbarlari asosan iqtisodiyot va moliya, siyosat va xavfsizlik, xalqlararo diplomatiyaga e’tibor qaratgan.

“Jami 43 varaqdan iborat yakuniy deklaratsiyani tasdiqlashdi. Agarda detallari bilan muhokama qiladigan bo‘lsak, asosiy gaplar geosiyosiy vaziyat va xavotirlar xususida. Undan keyingi o‘rinda esa iqtisod va moliya mavzulari o‘rtaga tashlandi. Chunki BRIKS davlatlari uchun o‘zaro savdo muhim yo‘nalish hisoblanadi. E’tiborni tortadigan muayyan mavzulardan yana biri atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi bo‘ldi. BRIKS davlatlari rahbarlari endi rivojlanayotgan mamlakatlarni xavf-xatarlar va tahdidlar oldida yolg‘izlanmaslik uchun birga harakat qilishga chaqirishdi”, – deydi Huang Fei.

Ukraina urushi boshlanganida 2 yil vaqt o‘tib, Putin BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan ko‘rishgan. Putinning o‘zi ham urushni tinchlik bilan tugatishga rozi, deydi sharhlovchi.

“Sammitning eng muhim va asosiy mavzularidan biri, shubhasiz, Ukraina urushi va uni tugatish haqida bo‘ldi. Masalan, urush boshlanganidan 2 yil o‘tib Rossiya prezidenti Putin BMT bosh kotibi bilan ko‘rishmoqda. BMT rasmiylari allaqachon Rossiya va Ukraina o‘rtasida mojaroni yakunlash bo‘yicha vositachilik rolini bajarishi mumkinligini e’lon qilgan. Agarda yakuniy deklaratsiyaga ham qaraydigan bo‘lsak, a’zo davlatlar, xususan Rossiya ham, ya’ni men bu yerda prezident Putinni nazarda tutyapman, Ukraina urushini tinch yo‘l va muloqot bilan tugatishga rozi bo‘lib turibdi. Balki shuni sammitning bir ijobiy xabari deb atash mumkindir”, – deya qo‘shimcha qiladi CGTN jurnalisti.

BRIKS sammitida omma eng ko‘p e’tiborini qaratgan yana bir mavzu – iqtisodiyot, ya’ni yangi valuta muomalasi. Vladimir Putinga BRIKS davlatlari umumiy kupyurasi varianti taqdim etilgan. Rossiya bunga harakat qilib keladi, davlatlar o‘zaro savdoda milliy valutadan foydalanishga kelishdi, deydi Fei.

“Iqtisodiy-moliyaliy o‘zgarishlar haqida uzoqdan uzoq, ko‘p muhokamalar bo‘lyapti. Xalqaro moliya tizimida alternativ variantlarni joriy qilish haqida o‘zaro fikr almashishdi. BRIKS davlatlarining Markaziy banklari o‘zaro kelishgan holda yagona elektron valutani yaratish orqali hozirgi markazlashgan valuta siyosatini o‘zgartirish taklifi aytildi. Bilasiz, Rossiya doim yangi to‘lov usullari va yangi valutaga harakat qilib keladi. Kechagi deklaratsiyaga yana qarasak, a’zo davlatlar o‘zaro savdo milliy valutadan foydalanishni qabul qilgan. Sanksiyalarga ham to‘xtalib o‘tishimiz kerak. Chunki BRIKS liderlarining aytishicha, g‘arbning sanksiyalari bu davlatlar o‘rtasidagi savdo hajmiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, – deya ta’kidlaydi CGTN jurnalisti.

Shuni aytish joizki, Rossiya tashkilotga a’zo bo‘lmaganlarni ham tadbirga jalb qilib, yolg‘iz emasligini G‘arbga ko‘rsatishga urindi. Hozircha 9 davlat Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy, JAR, 2024 yil 1 yanvarida Misr, Eron, BAA va Efiopiya ham tuzilma a’zolari hisoblanadi. Guruhga Saudiya Arabistoni ham taklif qilingan, biroq Saudiya bu borada rasman qaror qabul qilmagan. Rossiyaning bu yilgi raisligi guruhni AQSh moliyaviy qudratiga qarshi qo‘yishga urinish bilan yodda qolmoqda.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid