Fan-texnika | 15:42 / 25.10.2024
6604
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar miyaning 3D-atlasini yaratdi – u nima uchun kerak?

3D-atlasni miyaning tuzilishi va neyron aloqalarini tushuntiradigan geografik xaritaga qiyoslash mumkin.

Foto: iStock

Tadqiqotchilar sichqon miyasining rivojlanishini ko‘rsatuvchi noyob uch o‘lchamli atlasni yaratdi. Bu atlas neyron rivojlanishi va u bilan bog‘liq kasalliklarni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ishlanma rivojlanishning barcha bosqichlari uchun ilg‘or vizualizatsiya va mikroskopiya usullaridan foydalangan holda yaratildi.

Atlas sut emizuvchilarning butun miyasini ham embrional bosqichlarda, ham erta postnatal davrda batafsil o‘rganish imkonini beradi. Bu kashfiyot olimlarni miyaning qanday shakllanishi va uning rivojlanishida nima noto‘g‘ri ketishi mumkinligini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

3D-atlasni Pensilvaniya shtati tibbiyot kolleji jamoasi yana beshta ilmiy institut bilan hamkorlikda Nature Communications jurnalida taqdim etdi. Ushbu atlas miya tuzilishining rivojlanish dinamikasini har tomonlama qamrab oluvchi tasvirini ko‘rsatadi, bu esa tadqiqotchilarga vaqt o‘tishi bilan miyaning shakli va hajmidagi o‘zgarishlarni tahlil qilish imkonini beradi. Tadqiqotning yetakchi mualliflaridan biri doktor Yonsu Kimning ta’kidlashicha, bunday xaritani yaratish miyaning normal sharoitda qanday ishlashi va uning buzilishlarida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishini tushunish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Ilgari olimlar faqat ikki o‘lchovli tasvirlar bilan cheklanib qolardi, bu esa neyron aloqalari va tuzilmaviy o‘zgarishlarni o‘rganishni murakkablashtirgan. Endilikda MRT va yorug‘lik varag‘i fluoressent mikroskopiyasi kabi yuqori texnologik usullardan foydalanish orqali, tadqiqotchilar miyani alohida hujayralar darajasida tasvirlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Olimlar yangi usulni GAMKergik neyronlar — miya ichidagi kommunikatsiyada muhim rol o‘ynaydigan hujayralarni kuzatish uchun qo‘lladi. Bu hujayralar shizofreniya va autizm kabi kasalliklarga aloqador bo‘lishi mumkin. Yaratilgan atlas ushbu hujayralar miyaning turli qismlarida turli bosqichlarda qanday rivojlanishi va tashkil etilishini aniqlashga yordam berdi.

Jahon miqyosidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, jamoa barcha foydalanuvchilar uchun atlasning interaktiv versiyasini yaratdi. Ushbu manba dunyo bo‘ylab olimlarga o‘z tadqiqotlari uchun ma’lumotlardan erkin foydalanish imkoniyatini beradi. Bunday ishlanmalar olimlarning turli tadqiqotlar natijalarini o‘z loyihalariga birlashtirish jarayonini osonlashtiradi, shu bilan birga mashinali o‘rganish va sun’iy intellekt usullaridan foydalangan holda neyrofan rivojiga hissa qo‘shadi.

Mavzuga oid