Jahon | 13:10 / 26.10.2024
3426
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya husiychilarga Qizil dengizda nishonlarni mo‘ljalga olishga yordam bergan - OAV

Moskva husiychilar bilan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini bo‘lishdi va ularga savdo kemalariga maqsadli zarbalar yo‘llashda yordam berdi. Ma’lumotlar Islom inqilobi muhofizlari korpusi orqali uzatilgan, deya ta’kidlaydi The Wall Street Journal.

Foto: EUNAVFOR ASPIDES/Handout/REUTERS

The Wall Street Journal (WSJ) 24 oktyabr, payshanba kuni Yevropa mudofaa vazirliklari vakillari va boshqa manbalarga tayanib, Rossiya yamanlik husiychilarga Qizil dengizdagi savdo kemalariga uchuvchisiz uchoqlar va raketalar hujumlari uchun sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlarini taqdim etgani to‘g‘risida xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlari Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) xodimlari orqali uzatilgan. Rossiya tomonidan taqdim etilgan nishonni belgilash husiychilarga «zarbalar ko‘lamini kengaytirishga» imkon berdi, dedi u. Rossiya hukumati The Wall Street Journal nashriga izoh bermadi.

AQSh husiychilarning yerosti qurol omborlariga zarba berdi

AQSh kuchlari Yamandagi husiychilarning beshta mustahkamlangan yerosti qurol omboriga zarba berdi. Pentagon rahbari Lloyd Ostinning 16 oktyabr kuni aytganidek, ularda husiychilar mintaqa bo‘ylab tinch aholi va harbiy kemalarga hujum qilish uchun ishlatadigan turli «qurol komponentlari» bor.

Ostinning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyada AQSh harbiy-havo kuchlarining B-2 Spirit strategik yashirin bombardimonchi samolyotlari ishtirok etgan. «Bu Qo‘shma Shtatlarning dushmanlarimiz qanchalik yashirgan, himoyalagan yoki mustahkamlagan bo‘lishidan qat’i nazar, maxfiy nishonlarga zarba berish qobiliyatining noyob namoyishi bo‘ldi», dedi AQSh mudofaa vaziri.

Mavzuga oid