O‘zbekiston | 08:10 / 26.10.2024
8639
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi

Toshkentda temiryo‘lning belgilangan qismidan velosipedda kesib o‘tayotgan 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi. U shifoxonaga yotqizildi.

Foto: Kun.uz

23 oktyabr kuni Toshkent mintaqasi temiryo‘lining Nurhayot — Salar bekatlari oralig‘ida poyezd voyaga yetmagan fuqaroni urib ketdi. Bu haqda Gazeta.uz ma’lum qildi.

Soat 17:52 da shahar IIBBga temiryo‘lning 7-to‘sig‘ida poyezd noma’lum shaxsni urib yuborgani haqida xabar kelib tushgan. Aniqlanishicha, Toshkent — Xo‘jakent yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi belgilangan o‘tish joyidan velosipedda o‘tayotgan Sh. Ch.ni (2009 yilda tug‘ilgan) urib yuborgan.

Bola Qashqadaryodagi kollej 1-kurs talabasi hisoblanadi va onasi bilan Qibray tumaniga mehmonga kelgan.

U tez tibbiy yordam mashinasida Yunusobod tumani 7-son shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan. 24 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazining «Bolalar bo‘limi»ga o‘tkazilgan.

Unga bosh miya chayqalishi, aralash shikast, ko‘krak qafasi yopiq shikasti, o‘pka lat yeyishi, qorin yopiq jarohati tashxisi qo‘yilgan.

Mavzuga oid