O‘zbekiston | 18:33 / 28.10.2024
5961
2 daqiqa o‘qiladi

1-kurs talabalariga kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi

Bakalavriat hamda magistraturaning 1-kurs talabalari uchun kontrakt to‘lash muddati 1 dekabrga qadar uzaytirildi.

Foto: Kun.uz

Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 1-kurs talabalariga kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi, deb xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.

Qayd etilishicha, 2024/2025 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining quyidagi bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning muddati 2024 yil 1 dekabrga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi:

- bazaviy yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-kurs);

- PF–213-son farmoni asosida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-kurs);

- o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar.

Bunda:

- qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25 foizi miqdorida;

- tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar, ular uchun belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50 foizi miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori kurs talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Mavzuga oid