Jahon | 19:33 / 28.10.2024
2761
2 daqiqa o‘qiladi

Oyga qo‘ngan astronavtning soati 2,2 mln dollarga sotildi

Oy missiyasi vaqtida NASA ekipaji a’zolariga Omega Speedmaster soatlari berilgan, ammo ayrim astronavtlar o‘zlari bilan shaxsiy aksessuarlarini ham olgan. Edgar Mitchell esa kosmosga o‘zi bilan Rolex soatini olib chiqqan.

Foto: RR Auction/NASA via collect SPACE.com

RR Auction auksionida NASA astronavti, 1971 yilda Oyga qo‘ygan «Apollon-14» missiyasi ishtirokchisi Edgar Mitchellning qo‘l soati sotildi, deb xabar beradi Space.com.

Astronavtning Rolex GMT-Master soati kosmonavtlarning kimoshdi savdolari orqali shu vaqtga qadar sotilgan soatlari ichida rekord o‘rnatdi — u 2,2 million dollarga yangi egasini topdi.

Oy missiyasi vaqtida NASA ekipaji a’zolariga Omega Speedmaster soatlari berilgan, ammo ayrim astronavtlar o‘zlari bilan shaxsiy aksessuarlarini ham olgan. Mitchell Oyda Rolex soatini taqqanmi yoki yo‘q — bu noma’lum. Soatning orqa qopqog‘iga shunday yozuv tushirilgan: «Buni «Appolon-14»da komandir E.Mitchell taqqan, 1971. Qizim — Karinga».

Soatlar uning haqiqiyligini isbotlovchi, Mitchellning o‘zi tomonidan imzolangan sertifikat bilan sotilgan. Tashkilotchilar soatni 400 ming dollarga sotishni prognoz qilgan, ammo 26 sentabrdan 24 oktyabrga qadar o‘tkazilgan kimoshdi savdolarida 30 ortiq ariza kelib tushgan va narx ko‘tarilib ketgan.

Auksion vakili Bobbi Livingstonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu Rolex nafaqat kosmik artefakt ixlosmandlarining, balki tarixiy voqealarda ishtirok etgan noyob soatlarni to‘plash bilan shug‘ullanuvchi kolleksionerlarning ham e’tiborini tortgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda bir paytlar Adolf Hitlerga tegishli bo‘lgan qo‘l soati AQShning Merilend shtatidagi Alexander Historical Auctions auksion uyida 1,1 mln dollarga sotilgan edi.

Mavzuga oid