Jahon | 18:40 / 29.10.2024
18770
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi Googleʼni 2 undetsillion rubl jarimaga tortdi

17 ta rus telekanalining Google korporatsiyasiga umumiy da’vosi 2 000 000 000 000 000 000 000 000 000 000 000 000 rublni tashkil etdi. Bunda 2 raqamining ortida 36 ta nol bor raqam hosil bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Rossiya sudi Youtube videoxostingida mahalliy telekanallarning akkauntlari tiklab berilishi borasidagi talablari bajarilmagani uchun Amerika kompaniyasiga undetsillionlarda o‘lchanadigan jarima belgiladi. Bu haqda sud ishi bilan tanish manbasiga tayanib RBK xabar qilmoqda.

Bunda «Zvezda», «Perviy kanal», VGTRK («Rossiya 1», «Rossiya 24» va boshqa hududiy telekanallar), «Parlament televideniyesi», «Moskva Media», «TV-Tsentr», NTV, «GPM», «Rossiya jamoatchilik televideniyesi », «Telekanal 360», «TRK Peterburg», «Pravoslav televideniyesi fondi», «Milliy sport telekanali», «Tsentr texnologik kompaniyasi», shuningdek, teleboshlovchi Margarita Simonyanning YouTube kanalini yurituvchi xususiy tadbirkor «Simonyan M.S.» kabilarning umumiy da’vosi nazarda tutilgan.

RBK agentligining aniqlik kiritishicha, avvalroq sud ushbu OAVlarning akkauntlarini YouTubeʼda tiklash va bu talab bajarilmaganida yo‘qotilgan daromadni to‘lab berish majburiyati haqida qaror chiqargan. Sud qarori kuchga kirganidan so‘ng to‘qqiz oy ichida bajarilishi shart bo‘lgan. Talab bajarilmagan har bir kun uchun 100 ming rubl jarima belgilangan. Sud qarori bajarilmasa, har haftada summa ikki barobar ko‘payadi. Jarimaning umumiy summasi chegarasi belgilanmagan.

Sud jarayonining boshqa bir ishtirokchisi RBKga sentabr oyida umumiy jarima miqdori 13 detsillionga (13 ning ortida 33 ta nol bor) yetganini ma’lum qilgan.

2020 yilda YouTube egalari AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan «Tsargrad» va RIA FAN akkauntlarini bloklagandi. O‘sha yilning avgustida «Tsargrad» Moskva arbitraj sudiga murojaat qilgandi. Kelgusi yil bahorida sud Googleʼga bloklangan akkauntni «Tsargrad»ga ochish majburiyatini yuklab, talab bajarilmasa progressiv jarima tayinlanishi bilan tahdid qilgan.

2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uyushtirganidan so‘ng YouTube Sputnik, NTV va «Rossiya 24», keyinroq, Russia Today, barcha Rossiya davlat kanallari, «Gosteleradiofond» kanallari, «Spas», shuningdek, «Avrora», «Duma TV», VGTRKning hududiy kanallarini bloklab qo‘ygan edi.

Mavzuga oid