Jahon | 00:23 / 30.10.2024
3875
2 daqiqa o‘qiladi

Londonda firibgarlar 22 tonna yuqori sifatli cheddar pishloqlarini o‘g‘irlab ketdi

Pishloq ishlab chiqaruvchi kompaniya firibgar firmaga Hafod, Westcombe va Pitchfork turiga oid 950 donadan ortiq sifatli cheddar pishloqlarini berib yuborgan.

Foto: Neal’s Yard Dairy

Firibgarlar sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Buyuk Britaniyadagi eng mashhur kompaniyalardan biri — Neal’s Yard Dairy’ning 22 tonnadan ortiq pishlog‘ini o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda kompaniya vakili o‘zining Instagram sahifasi orqali ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kompaniyaga o‘zini yirik fransuz savdo firmasining ulgurji distribyutori deb tanishtirgan firibgar murojaat qilgan. Kompaniya unga Hafod, Westcombe va Pitchfork turiga oid 950 donadan ortiq sifatli cheddar pishloqlarini berib yuborgan. Ulkan moliyaviy yo‘qotishga qaramay, kompaniya kichik yetkazib beruvchilar oldidagi o‘z majburiyatlarini bajargan va pishloq yetib bormagan barcha mijozlari bilan to‘liq hisob-kitobni amalga oshirgan.

Kompaniya vakillarining ma’lum qilishicha, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilinmoqda. Ular butun dunyodagi pishloq ishlab chiqaruvchilar hamjamiyatini ogohlikka chaqirdi.

«Kimgadir ushbu o‘g‘irlik bilan bog‘liq pishloqlar, xususan, og‘irligi 10 yoki 24 kilogrammli qadoqdagi chedderlar taklif qilinsa, iltimos, bizga yozing», — deyiladi bayonotda.

Jyeymi Oliver ismli mashhur shef-oshpaz va teleboshlovchi jabr ko‘rgan kompaniyani qo‘llab-quvvatlash taklifini ilgari surgan. U o‘zining Instagram sahifasiga o‘g‘irlangan pishloq kompaniyaga 300 ming funt sterling zarar keltirganini yozgan. 

Mavzuga oid