Jahon | 17:48
2533
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi

Bu sil kasalligi bo‘lib chiqdi, undan o‘limlar soni koronavirusdan ham oshib ketgan.

Foto: WHO

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari dunyodagi eng halokatli yuqumli kasallik nomini ma’lum qildi. Bu sil kasalligi bo‘lib chiqdi, undan o‘limlar soni koronavirusdan ham oshib ketgan.

Hisobot mualliflari 2023 yil uchun 193 mamlakat ma’lumotlarini tahlil qildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 1,25 million kishi sil kasalligidan, 320 ming kishi esa koronavirusdan vafot etgan.

2023 yilda 10,8 million kishi sil kasalligiga chalingan, bu bir yil avvalgidan (10,7 million) sal ko‘pdir. Barcha infeksiyalarning 56 foizi beshta mamlakatda sodir bo‘lgan: Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Filippin va Pokiston.

Sil kasalligi Mycobacterium tuberculosis patogen bakteriyasidan kelib chiqadi. 85 foiz holatda uni davolash mumkin. Ammo davolanishsiz infeksiyaning 50 foizigacha o‘limga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar 2030 yilgacha sil kasalligi global epidemiyasini tugatish uchun shoshilinch choralar ko‘rish kerak, deb hisoblamoqda.

Hisobotda, shuningdek, dunyoda sil kasalligidan o‘limlar soni asta-sekin kamayib borayotgani qayd etilgan. Endi u pandemiyadan oldingi darajadan pastga tushdi (2019 yilda 1,39 million o‘lim).

Ta’kidlanishicha, hozir silga qarshi oltita yangi vaksinaning 3-bosqich klinik sinovlari davom etmoqda. JSST veb-saytining xabar berishicha, yangi davolash usuli 5 yil ichida joriy qilinishi mumkin.

Mavzuga oid