Jahon | 15:58
4403
9 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonga safar: Kavkaz Hirosimasiga aylangan Ag‘dam

Bu yil Qorabog‘ Ozarboyjon bag‘riga qaytganiga 4 yil to‘ladi. 8 noyabr Ozarboyjonda Ikkinchi Qorabog‘ urushida qozonilgan g‘alaba sharafiga Zafar kuni sifatida keng bayram qilinadi. Kun.uz muxbiri muhim sana arafasida Ozarboyjonning arman ishg‘olidan ozod etilgan hududlarida bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazi loyihasi bilan o‘zbekistonlik jurnalistlarning Qorabog‘ga mediaturi tashkil qilindi.

Biz qariyb 30 yil davomida arman okkupatsiyasi ostida bo‘lgan yerlarni borib ko‘rdik, u yerlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdik va turkum reportajlar qildik.

Reportajlarimizning dastlabkisi — Kavkaz Xirosimasi nomi bilan tanilgan jafokash Ag‘dam shahridan bo‘ldi.

Ag‘dam: Kavkaz Hirosimasi

Ag‘damga yaqinlashar ekansiz, urush davrida vayron etilgan qishloqlarga ko‘zingiz tushadi va vatandan 30 yillik ayriliq nima ekanini beixtiyor o‘z tanangizda his qila boshlaysiz.

Qorabog‘ tog‘i etaklarida joylashgan Ozarboyjonning katta bir tumani markazi bo‘lgan shahar armanlar tomonidan ishg‘ol qilingan va to‘liq vayron qilingan. To‘qnashuv chizig‘i esa minalashtirilgan.

Ayni paytda Ag‘dam shahri qarichma-qarich minalardan tozalanib, yangi bosh reja asosida butunlay boshqatdan qurilmoqda.

Xurshidbonu Notavon majmuasi

Biz dastlab Qorabog‘ning so‘nggi xoni panoh Ali xonning qizi Xushidbonu Notavon yashagan va dafn etilgan Imorat majmuasiga bordik. Armanlar okkupatsiya davrida shoiraning qabrini oyog‘osti qilishgan, o‘rnatilgan yodgorlikni sindirishgan. Qabrlarni ochib, inson qoldiqlarini olib ketishgan.

Qorabog‘ xonlarining nevarasi va qizi Xurshidbonu Notavon ajoyib g‘azallari bilan tillarga tushgan. U shuningdek rasm solishga ham qiziqqan. Uning asarlari Bokudagi muzeyda saqlanmoqda.

Armanlar bu qadimiy majmuadagi imoratlarni buzib, ichida hayvon boqishgan. Ko‘p yillik daraxtlar kesilgan, va yoqilgan. Qabrlar tekislangan va boylik topish ilinjida kavlangan.

Hozir majmua butunlay qaytadan tiklanib, avvalgi ko‘rinishga keltirilgan. Hudud obodonlashtirilib, avvalgi salobatini qaytadan kasb etgan. Eski saroy tiklanib, uning ichida muzey tashkil qilingan. Muzey eng zamonaviy interaktiv vositalar bilan ta’minlangan. Unda majmuaning tarixi, arman okkupatsiya davridagi vayrongarchiliklar, shuningdek, Xurshidbonu Notavonning ijodi bilan yaqindan tanishish mumkin.

Ag‘dam jome masjidi

Ag‘dam jome masjidi ham armanlardan katta zarar ko‘rgan qadimiy me’moriy obekt hisoblanadi. Bu yerda Birinchi Qorabog‘ urushida ro‘y bergan Xo‘jali genotsidida qirilgan ozarboyjonlar kafanlanib, janoza o‘qilgan. Bu voqeadan ko‘p o‘tmasdan, Ag‘dam shahrining o‘zi am armani bosqini ostida qoladi va aholi shaharni tark etadi.

«Masjidga 1868 yilda asos solingan. Bu forscha usuldagi masjid hisoblanadi. Bir necha yildan so‘ngra Shushadagi Yuqori Gavhar masjidi me’mori eski masjid o‘rnida yangisini tiklagan.

Masjidimiz armani ishg‘oli davrida armani vandallarining talashi natijasida vayron qilingan, devorlari nuratilgan. Ichida to‘ng‘iz va mol boqilgan. Butun deraza eshiklar, temir buyumlar qo‘porilgan. Atrofdagi qabrlar toptalgan, masjidga o‘t ham qo‘yishgan», deydi Ag‘dam jome masjidi imomi Mehmon Nosirov.

2000 yilda — hali shahar armani okkupatsiyasi ostida bo‘lgan bir paytda Armaniston tomondan kirib kelgan AQShlik mulozimlardan biri vayron qilingan masjidning bir parchasini cho‘ntagiga solib ketadi va uni Ozarboyjonning o‘sha vaqtdagi prezidenti, umumilliy lider Haydar Aliyevga in’om etadi. O‘sha parcha ham ehtirom bilan hozir butunlay yangidan restavratsiya qilingan Ag‘dam masjidi sahnida saqlanmoqda.

Umuman, Ag‘dam shahri yangicha bosh reja asosida butunlay boshqatdan qurilmoqda. Ko‘chalar keng va ravon bo‘ladi. Ko‘p qavatli uylar, binolar va idorlar qurilishi avjida. Shahar o‘rtasida kattagina istirohat bog‘i ham barpo etilmoqda.

Haligacha shaharda armanlar talagan, vayronaga aylantirilgan uylarni va binolarni ko‘rish mumkin. Shaharning vayron qilingan bir qismi ham ochiq osmon ostidagi muzey sifatida saqlanib qo‘yilar ekan.

Qahramonlar qabristoni

Biz Ag‘damdagi Qahramonlar qabristonida ham bo‘ldik. Bu yerda Birinchi Qorabog‘ urushida shahid bo‘lgan qahramonlar ko‘milgan. Bu qabrlar ham arman ishg‘oli chog‘ida to‘zitilgan, yo‘q qilingan.

Qabristonga kiraverishda Qorabog‘ urushlarida halok bo‘lgan qahramonlarning har birining ismi yozib qo‘yilgan.

Marhumlarning yaqinlari kimdan keyin kim ko‘milganini eslab qolishgan ekan, qabrlar hozir tiklangan, qabrtoshlar o‘rnatilgan. Har bir qabr boshida gulchambarlar va Ozarboyjon bayrog‘i ilingan.

Keyinchalik bu qabriston ham obodonlashtirib, vatan himoyasi uchun jon bergan qahramonlarning qabrlari atrofida alleya barpo etilishi nazarda tutilgan ekan.

Minalardan tozalash

Qorabog‘ hududini minalardan tozalash ishlari ham olib borilmoqda. Armanlar to‘qnashuv chizig‘ini minalashtirgan va minalar xaritasini hanuzgacha Ozarboyjon tomoniga taqdim etmagan.

Biz Ozarboyjon minalardan tozalash agentli — ANAMA xodimlarining Ag‘dam tumani hududini minalardan tozalash bo‘yicha gumanitar operatsiyasini o‘z ko‘zimiz bilan borib ko‘rdik.

Shu paytgacha 168 ming 507 gektar yerlar minalardan tozalangan. Tekshirilgan hududlarda 106 mingdan ziyod snaryadlar topilgan. Shuningdek, 34 ming 245 dona piyodalarga qarshi minalar va 20 ming 833 dona tanklarga qarshi minalar topib, zararsizlantirilgan.

«Biz hozir Ag‘dam tumani markazi va Sarijali qishlog‘i orasida turibmiz. Bu joylar 1993 yilda ishg‘ol qilingan va 2020 yilda ishg‘oldan ozod etilgan. 27 yil davomida bu joylar okkupatsiya ostida bo‘lgan va hozir biz turgan joylar ham minalashtirilgan edi, ammo bu yerlar bizning tarafimizdan tozalanib bo‘lindi.

Chap tarafdagi yerlarda tozalash ishlari olib bormoqdamiz. O‘ng tarafda Sarijali aholi punkti vayron qilingan va minalashtirilgan edi. Bizning tarafimizdan u yerlar tozalanib, qishloq butunlay boshqatdan qurilish bosqichida.

Bugunga qadar Ag‘dam tumanida umumiy hisobda 31 ming 803 gektar maydon minalardan tozalandi. Bu yerda 10 ming 923 dona portlovchi moddalar topilgan. 9 ming 280 dona piyodalarga qarshi minalar, 6 ming 568 dona tanklarga qarshi minalar topib, zararsizlantirildi», — deydi ANAMA amaliyot rahbari Xoliq Zulfiqorov.

Hudud kvadratlarga bo‘linib, minalarni maydon uzra birinchi mina tozalovchi mashina yurib chiqadi yo‘lida uchragan minalarni zanjirli sopqoni bilan urib portlatdi. Uning ortidan, sapyorlar o‘zlarining mina izlovchi qurilmalari bilan minalarni, snaryadlar qoldiqlarini axtarib topishadi. Hududda aniqlangan har qanday snaryad va raketa qoldiqlari ham yig‘ishtirib olinar ekan.

Topilgan minalar o‘sha joyning o‘zida portlatilib yo‘q qilinadi. Biz borgan kuni ertalagi soat 11 largacha topilgan minalar portlatib yo‘q qilindi.

Minalardan tozalangan hududlarda yangi qishloqlar barpo etilmoqda. Urush tufayli majburan ko‘chirilgan ag‘damliklarning vayron qilingan uylari o‘rniga yangi va zamonaviy uylar qirib berilmoqda. Hudud mutlaqo yangicha va zamonaviy qiyofaga ega bo‘lib bormoqda.

Reportajimizning navbatdagisi ishg‘ol ostida bo‘lgan va ozod etilgan Fuzuliy va Zangilon tumanlaridagi obodonchilik ishlariga bag‘ishlanadi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid