Isroilning urush jinoyatlari uchun ramziy «G‘azo tribunali» tuzildi
Bir guruh akademiklar, ziyolilar, huquq himoyachilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari Londonda ramziy «G‘azo tribunali»ni tashkil etdi.
Mustaqil tashabbus mualliflarining maqsadi «insoniyat va vijdon sudi» sifatida harakat qilish, deb xabar berdi Anadolu agentligi.
Tribunalga taniqli xalqaro huquq eksperti, Falastin hududlari bo‘yicha BMT sobiq maxsus ma’ruzachisi Richard Folk boshchilik qiladi.
Londonda ikki kun davomida bo‘lib o‘tgan G‘azo tribunali doirasidagi yig‘ilishlarda 100 ga yaqin kishi ishtirok etdi.
Birinchi kun Falastin fuqarolik jamiyati tashkilotlari va sud faoliyatida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan inson huquqlari guruhlari vakillari ishtirokida maxsus sessiya bo‘lib o‘tdi. Tribunal yig‘ilishining asosiy mavzusi operatsion strategiyalar, logistika jarayonlari va aloqa tamoyillarini ishlab chiqish edi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, «G‘azo tribunali»ning ikkinchi bosqichi 2025 yil may oyida Bosniya va Hersegovina poytaxti Sarayevoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uning doirasida tayyorlangan hisobotlar, guvohlarning so‘zlari va deklaratsiyalar loyihalari jamoatchilikka taqdim etiladi. Sarayevodagi yig‘ilishda jabrlangan jamoalar vakillari, ekspertlar va guvohlar so‘zga chiqishi kutilmoqda.
Tribunalning yakuniy bosqichi 2025 yil oktyabr oyida Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Istanbulda bir guruh ekspertlar tribunalning xulosalari va qarorlari loyihasini taqdim etadi. Unda guvohlarning ko‘rsatmalari va Isroil harakatlaridan jabrlangan Falastin fuqarolari va tashkilotlarining bayonotlari bo‘ladi.
G‘azo tribunalidagi maxsus qarorlar, jumladan, tavsiyalar va vakolatlar ham e’lon qilinadi.