Jahon | 20:33 / 07.11.2024
1256
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi

Fillar hosillari nobud bo‘layotgan norozi fermerlar tomonidan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Ammo hukumat amaldorlarining aytishicha, qasddan zaharlashning hech qanday alomatlari aniqlanmagan.

Foto: Getty Images

Hindiston milliy bog‘ida uch kun ichida 10 ta filning nobul bo‘lishi tabiat himoyachilarini tashvishga solib qo‘ydi, deb xabar beradi BBC. 13 ta fildan iborat to‘daga kirgan hayvonlar 29-31 oktyabr kunlari Madhya-Pradesh shtatidagi milliy bog‘ hududida nobud bo‘lgan.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, fillar o‘limiga ular zamburug‘ bilan zaharlangan tariqni iste’mol qilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. «Toksikologik hisobotda fillar ko‘p miqdorda chirigan tariq va don yeb qo‘ygani ko‘rsatilgan», — deydi hayvonlar o‘limi bo‘yicha tergovga rahbarlik qilayotgan qishloq xo‘jaligi mas’uli L.Krishna Murti.

Dastlab, fillar hosillari nobul bo‘layotgan norozi fermerlar tomonidan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Ammo hukumat amaldorlarining aytishicha, qasddan zaharlashning hech qanday alomatlari aniqlanmagan.

Tahlil natijalarida keltirilishicha, o‘lgan fillardan olingan namunalar ularda siklopiazon kislotasi — zamburug‘li neyrotoksin borligini ko‘rsatgan. Taxminlarga ko‘ra, ular qurg‘oqchil hududlarda, jumladan, Hindiston, Pokiston va Filippin, shuningdek, G‘arbiy Afrikaning ayrim hududlarida yetishtiriladigan tariqni ko‘p miqdorda yeb qo‘ygan.

Sentyabr oxirlarida Botsvana 20 ming bosh filni o‘ldirish haqida o‘ylayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mamlakat so‘nggi 50 yildagi eng dahshatli qurg‘oqchilikdan aziyat chekyapti. Odamlar och qolmoqda va fil go‘shti muhtojlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga yordam berishi mumkin.

Mavzuga oid