Jahon | 16:34
3096
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin

Rossiya prezidentining ta’kidlashicha, ko‘pchilik mintaqada Rossiya va Xitoy o‘rtasida «to‘qnashuv yoki kelishmovchilik» bo‘lishiga umid qilgan edi, ammo bu amalga oshmadi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqarorlik va rivojlanish bo‘lishini istaydi va bu Rossiyaning ushbu mintaqa bilan aloqalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmaydi, dedi Vladimir Putin xalqaro «Valday klubi» yig‘ilishida.

Rossiya prezidentining ta’kidlashicha, ko‘pchilik mintaqada Rossiya va Xitoy o‘rtasida «to‘qnashuv yoki kelishmovchilik» bo‘lishiga umid qilgan edi, ammo bu amalga oshmadi.

«Agar Xitoy kelib bu iqtisodlarga yordam bersa, bu iqtisodiy hamkorlik natijasidir, ichki siyosiy jarayonlar ham barqarorlashadi, Rossiya bundan faqat manfaatdor. Biz u yerda barqaror muhit va barqaror rivojlanish bo‘lishini istaymiz. Shuning uchun u yerda raqiblik yo‘q, faqat hamkorlik bor», dedi u.

Vladimir Putinning qo‘shimcha qilishicha, bu Rossiyaning Markaziy Osiyo bilan an’anaviy aloqalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmaydi. Mintaqa davlatlari «bizning alohida aloqalarimiz»ni qadrlaydi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda davlatchiligi juda yosh, iqtisodiyoti jiddiy rivojlanishni talab qiladigan davlatlar bor. U yerda demografik jarayonlar kuchaymoqda.

«Biz barqaror muhit va barqaror rivojlanish bo‘lishini istaymiz. Bu bizning manfaatlarimizga ham mos keladi. Shuning uchun u yerda raqiblik yo‘q, hamkorlik bor. Bu esa dunyoning ushbu mintaqasi bilan an’anaviy aloqalarimizni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmaydi. Asrlar davomida Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari alohida aloqalarimizni, kontaktlarimizni nafaqat eslaydi, balki qadrlaydi. Bu barchaga faqat foyda keltiradi», dedi Rossiya rahbari.

«Valday» xalqaro munozara klubi 2004 yilda tashkil qilingan bo‘lib, siyosatshunoslik, iqtisod, tarix va xalqaro munosabatlar sohasidagi yetakchi xorijiy va rossiyalik ekspertlarning birlashmasi hisoblanadi.

Mavzuga oid