Jahon | 13:58
6375
4 daqiqa o‘qiladi

«Tramp urushlarni to‘xtata olmaydi» – amerikalik siyosatshunos Jyennifer Brik

AQShdagi prezident saylovi oldidan ham demokratlar, ham respublikachilar nomzodi dunyodagi urushlarni to‘xtatishini aytib, bong urdi. Harris G‘azodagi urushni tugatishini aytsa, Tramp Ukraina mojarosini bir kundayoq hal qilishini ta’kidlab, omma e’tiborini torta oldi.

Pitsburg universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professoriga ko‘ra, bu quruq gap. Donald Tramp urushlarni to‘xtata olmaydi. 

Ikki yillik saylovoldi kampaniyasida sobiq prezident Trampni mashhur qilgan mavzulardan biri — Ukraina urushi edi. Siyosatchi bundan puxtalik bilan foydalandi, Harris va Bayden boshqaruvini Amerikaning «eng qora kunlari» deb atadi. Bundan tashqari, Tramp prezidentlikka saylansa, Ukrainadagi urushni bir kundayoq tugatishini aytib, omma e’tiborini jiddiy qozondi. Bunga demokratlar, xususan Bayden va Harris javob berar ekan, Trampning hokimiyatga kelishi — Ukraina zarariga o‘ynashini bashorat qilgandi. Shuningdek, Harris debatda Tramp Ukrainani Rossiyaga berib yuborishini aytib, jiddiy tanqid yog‘dirdi. Trampning o‘zi esa agar u prezident bo‘lganida na Ukraina, na G‘azodagi urush aslida boshlanmasligini aytib keladi. 

Saylov oldidan ikki nomzod ham urush tugatar takliflarini berdi. Harris G‘azodagi urushni yakunlashga va’da berdi, Tramp esa Ukrainadagi. Pensilvaniya shtati Pitsburg universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori Jyennifer Brik Murtazashvili fikricha, Tramp bunga qodir emas. Siyosatshunos na Harris va na Tramp urushlar oldida zaifligini aytadi. 

Saylovdan avval ikki nomzod ham hozir bo‘layotgan urushlarni to‘xtataman, deya va’da berdi. Harris G‘azodagi, Tramp esa Ukrainadagi urushni to‘xtatishini elektoratga aytdi. Xo‘sh, ular urushni to‘xtata oladimi?

— Yo‘q, ular buni qilolmaydi. Bu urushlarda AQShning o‘zi ham kurashyapti. Ikki siyosatchi ham faqat AQShning o‘zini ma’lum ma’noda to‘xtatishi mumkin, lekin masalan, Ukrainadagi urushni yakunlash uchun ukrain xalqi bilan gaplashish kerak. Ular oylardan beri aslida urushning tugashini kutishyapti. Ammo buning uchun o‘z hududlarini Rossiyaga berishlariga to‘g‘ri keladi. Xuddi shunday kayfiyat G‘azoda ham hukmron. Masalan, isroilliklar va falastinliklar urush tugashini istaydi. Lekin Harrisning bu boradagi pozitsiyasi Baydennikidan keskin farq qildi. 

Ukrainaga qaytsak, Tramp urushni tugatishini aytmoqda, lekin qanday qilib, u nimani nazarda tutyapti, bunga aniq tarif bergani yo‘q. Bir necha hafta ilgari prezident Zelenskiy AQShda, Vashingtonda edi. Tramp o‘shanda kollektiv G‘arb ortiq bu urush uchun pul tikmasligini aytdi. Uning shu gaplari ham ko‘plab amerikaliklarga yoqib tushdi, ilhomlantirdi. Trampga ko‘ra, u ham Putinni, ham Netanyahuni urushni yakunlashga ko‘ndiradi. Men uning bu gaplariga ishonmayman, ko‘ndira olmaydi, — dedi Jyennifer Brik Murtazashvili. 

Eslatib o‘tamiz, amaldagi prezident Jo Bayden shu kunlarda Ukrainaga so‘nggi 6 mlrd dollardan ortiq miqdordagi yordam paketini ajratmoqchi. Kiyevga bu yordamni jo‘natishda asosiy to‘siq esa — AQSh hozir faqat mavjud bo‘lgan texnikalarni jo‘nata oladi, yangilarini ishlab chiqarish esa vaqt talab etadi. Natijada, ajratilgan yordamga muvofiq harbiy asbob-uskunalarni yangi ishlab chiqarish, uni yetkazib berish Tramp administratsiyasi davriga to‘g‘ri keladi. Saylangan prezident esa Kiyevga ko‘rsatilayotgan yordamning tanqidchisi. Biroq YeI davlatlari Tramp saylansa-da, Ukrainaga yordamni to‘xtatish niyatida emas. 

Mavzuga oid