Jahon | 23:26 / 09.11.2024
13855
10 daqiqa o‘qiladi

“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi

Rossiya Prezidenti Putin “Valday” muloqot klubi sessiyasida qatnashdi. Dastavval u bir soat davomida G‘arbni qoralab, Rossiyani maqtadi. Dunyo Rossiyasiz yasholmasligi, na Vashington, na Bryussel va na boshqa kuchlar buni o‘zgartira olishini aytdi. 

Prezident shuningdek, tahlilchilar savollariga ham javob berdi. Muhokamalar Ukraina urushi, yadroviy siyosat, AQShning yangi prezidenti, Xitoy va Hindiston bilan aloqalar, harbiy mashg‘ulotlar va boshqa mavzularda kechdi.  Kun.uz Putinning asosiy gaplarini jamladi.

Vladimir Putin yana o‘z gapini rus millati hamda davlatchiligini ulug‘lashga qaratilgan ideologik fikrlar bilan boshladi. Tahdidlarga to‘xtalarkan, yangi global epidemiyalar, mintaqaviy mojarolar, iqtisodiy inqiroz, migratsion bosimning ortishi, inson va sun’iy intellekt salohiyati qarama-qarshiligini xavf sifatida sanab o‘tdi. Klub tashkil qilinganiga 20 yil to‘lgan, Putin keyingi 20 yil bundan ham qiyin bo‘lishini aytdi. Xususan, demokratiya endi ko‘pchilikning emas, kamchilikning kayfiyatini aks ettirib, erkinlikning fundamental standartlariga qarshi bormoqda. G‘arb demokratiyasida natsizm, ratsizm, terrorizm va hattoki ommaviy genotsidni ko‘ryapmiz, deydi Putin. 

Rossiya prezidenti nutqining asosiy qismi kollektiv G‘arb va unga boshliq Qo‘shma Shtatlar siyosatini qoralash mazmunida kechdi. G‘arbni yomonlagan Putin Rossiyani maqtay ketdi, dunyo Rossiyasiz yasholmasligini ham tarix, ham falsafa, ham sotsiologiyadan bilimlarini qo‘shib, isbotlashga urindi.  Masalan, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh shunday shiorga amal qiladi, kimda kim Qo‘shma Shtatlar bilan bo‘lmasa, demak unga dushman hisoblanadi. Va mana shu siyosat G‘arbning o‘zida tizimli inqirozni boshlagan. Xususan, mafkuraviy va harbiy-siyosiy monopoliyaga da’volar kuchaydi, Qo‘shma Shtatlar va Yevropaning bugungi harakatlari o‘z xalqlari manfaatiga zid kelmoqda, deydi Rossiya prezidenti. Shu o‘rinda Putin G‘arb bilan aloqalarini qayta yaxshilash niyatida ekani bo‘yicha bir nechta signallar ham berdi. Biz G‘arbni dushman sifatida qabul qilmaymiz, dedi prezident

“Rossiya G‘arb sivilizatsiyasini dushman sifatida qabul qilmaydi,  “bizmi yoki ular?” degan tanlovni ham qo‘ymaydi. Bizning yonimizda bo‘lmaganlar bizga qarshi, degan shiorni hech qachon ishlatmaymiz. G‘arb haqiqatan ham ulkan siyosiy, intellektual, madaniy va moddiy resurslarni to‘pladi, jahonning asosiy kuchlaridan biri sifatida muvaffaqiyatli rivojlana oldi. G‘arb - dunyodagi kuchlardan biri xolos, lekin gegemon emas. Menimcha Rossiya haqidagi haqiqatlarni eslatish shart emas. Dunyo Rossiyaga muhtoj, na Vashington, na Bryussel va boshqa ustun qarorlar buni o‘zgartira olmaydi”, - Vladimir Putin.

Putin nutqida sovuq urush davriga ham to‘xtalib, AQShning o‘sha vaqtdagi prezidentlari buni noto‘g‘ri talqin qilgani, o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda dunyoni o‘zgartira boshlaganini gapirdi. Rossiya prezidenti G‘arbni uyatsiz va misli ko‘rilmagan darajada geosiyosiy ochko‘z davlatlar, dedi. 

“G‘arbning uyatsiz va misli ko‘rilmagan geosiyosiy ochko‘zligi bu – bizning tarixiy qarama-qarshiliklarimiz asl sababidir. Yugoslaviya, Iroq, Liviya va bugungi kunda Ukraina ham, bundan tashqari Yaqin Sharq fojiasini ham aytish mumkin. G‘arbning o‘zi ikkiyuzlamachilik bilan Ikkinchi jahon urushidan keyin insoniyat erishgan narsalar xavf ostida ekaniga ishontirishga urinmoqda. Lekin tahdid ostida butunlay boshqa narsa, sovet ittifoqi parchalangandan keyin 20-asr oxiriga kelib G‘arb monopoliyasi tahdid sola boshladi. Lekin bir narsani aytmoqchiman, tarixdan bilganimizdek, monopoliyalar, albatta, tugaydi, bu monopolistlarning o‘ziga ham zarar. Sportda bo‘lgani kabi ushlab turish uchun o‘ynash – doim mag‘lubiyatga olib keladi”, - Rossiya prezidenti.

Putinning tanqidlaridan BMT ham quruq qolmadi. Prezident «veto» tamoyilini asosiy o‘yinchilar manfaatlari himoyachisi dedi. 

“Xo‘sh, «veto» huquqi? Bu nima, «veto» huquqi nega yaratilgan o‘zi? Xalqaro maydonda asosiy o‘yinchilarga yoqmaydigan, ularning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan qarorlar qabul qilinmasligi uchunmi? Bu yaxshimi yoki yomon? Qarorlarni qabul qilishda tomonlardan biri to‘sqinlik qilishi bu yomon. Lekin kimgadir mos kelmaydigan qarorlarning o‘tmasligi yaxshi ham. Bu norma shunda nimani isbotlaydi? Muzokara xonasiga boring va gaplashib oling, ma’no shu xolos”, - Vladimir Putin. 

Sessiyada so‘zga chiqqan Putin naqd 1 soat tik oyoqda turib, tinimsiz gapirdi. So‘ngra davra muhokamasi boshlandi. Zaldagilar prezidentga savollar berdi, dastlabki savol sun’iy intellekt xususida. Prezidentga ko‘ra, sun’iy intellekt bu iqtisodiyot rivojining eng muhim elementlaridan. Keyingi savollar texnologiya va ekologiya xususida bo‘ldi. Moderator Lukyanov Putindan Trampning saylangani, umuman olganda AQShdagi prezidentlar bilan ishlash qanday bo‘lishi xususida so‘radi. Putinga ko‘ra, u ishlagan AQSh prezidentlarining hammasi bir-biridan qiziq odamlar bo‘lgan. 

“Bilasizmi, ularning hammasi qiziq odamlar. Dunyoning yetakchi davlatlaridan birida hokimiyat cho‘qqisiga chiqqan odam mutlaqo ahamiyatsiz, qiziq bo‘lmagan inson bo‘lishi mumkin emas. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Gap shundaki, AQShning ichki siyosiy madaniyati shunday – ichkarida siyosiy kurash tobora keskinlashib bormoqda. Hozir davlat rahbarining muxoliflari qandaydir yo‘l bilan bo‘g‘ib qo‘yish uchun har xil usullardan foydalanmoqda. Bunda asosan siyosiy bo‘lmagan vositalar qo‘llanyapti. Esingizda bo‘lsa, Bushga ko‘p axboriy hujumlar bo‘lgandi, u juda savodsiz, aqlsiz, nodon, degan. Aslida hammasi yolg‘on. Bizda u bilan juda ko‘p qarama-qarshiliklar bor edi. Menimcha, Rossiyaga bo‘lgan munosabat oxir-oqibat ular tomonidan qilingan ishlar yashirin aralashuvlar bor degan xulosani bergandi. Ammo shaxsiy nuqtai nazardan kelib chiqib aytaman, Bush Texasda gubernator bo‘lgan. Texas murakkab shtat, ulkan, lekin u muvaffaqiyatli boshqargan. Men Bush bilan gaplashdim, ishontirib ayta olamanki, shu zalda o‘tirgan biror kimdan kam emasdi. Shaxsan uning uyida tunab qolganman, ota-onasi bilan ham uchrashdim, ikkalasi ham uning uyida edi. O‘sha paytda u prezident emasdi, sobiq prezident edi. U menga samimiy aytdi, biz Moskvadagi olimpiya o‘yinlariga to‘sqinlik qila boshladik, keyin Rossiya bizdagi olimpiada o‘yinlariga to‘sqinlik qila boshladi. Bu bemanilik edi, dedi. Va mana shu ishlar bugun ham davom etmoqda. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bugun sirk artistlariga aylandi. Ular olimpiya harakatini o‘z qo‘llari bilan yo‘q qilmoqda. Tramp borasida gapirsam, unga o‘zingiz xohlagan tarzda munosabatda bo‘lishingiz mumkin. Uning suiqasd paytidagi harakati menda taassurot qoldirdi. U jasur odam bo‘lib chiqdi. Inson aslida o‘zini g‘ayrioddiy sharoitlarda ko‘rsatadi, Tramp jasur bo‘lib chiqdi. Birinchi prezidentligi xususida esa bilmadim, menda uni har tomondan ta’qib qilishgan  va erkin harakatiga ruxsat berilmagan degan qarash bor. U chapga, o‘ngga qadam tashlashdan, ortiqcha so‘z aytishdan ham qo‘rqardi”, - Vladimir Putin.

So‘zi davomida Putin Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi, Amerika xalqi ishongan har qanday davlat rahbari bilan hamkorlik qilishini bildirdi. Rossiya prezidenti shuningdek, AQSh Yevropa ustidan nazoratni ushlab turishini, bu esa oxir-oqibat buyruqbozlik zanjiri zaiflashishiga olib kelishini ham aytdi. Yevropa davlatlarining ko‘pi o‘z manfaatlarini unutib, AQShga foyda keltiruvchi ishlarni qilyapti. Ukraina urushi Vashingtonga Yevropa davlatlari uchun yetakchilik rolini kuchaytirish imkonini berdi, deydi u. 

Yadro qurollari siyosati bo‘yicha gapirar ekan, buni nazoratga olish oxirgi 20-30 yilgiga qaraganda murakkablashganini aytdi. Qariyb 4 soat davom etgan muhokamada Putin bundan tashqari Rossiya dollarga qarshi kurashmayotgani, kurashmasligini, biroq zamon talablari yangi vositalar yaratishga majburlayotganini, Parij olimpiadasida dindorlarning his-tuyg‘ulari haqorat qilinganini, chegaralar hisobga olinmagani, Shimoliy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilib ketdi. 

Mavzuga oid