Jahon | 15:47 / 10.11.2024
14386
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva oblastiga dronlar hujum qildi

Yakshanba kuni tongda Moskva oblasti hududida 30 dan ortiq uchuvchisiz uchar qurilma urib tushirilgan. Xususiy uylarda yong‘in chiqqan, kamida besh kishi yaralangan.

Foto: Videodan kadr

Hujum Moskva vaqti bilan soat ertalabki 7 atrofida boshlangan. Rossiya mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa vositalari Moskva oblasti uzra 34 ta dronni urib tushirgan. Moskva shahri meri Sergey Sobyanin urib tushirilgan qurilmalarning barchasi poytaxt tomon uchgani haqida yozgan.

Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev telegram-kanalida dronlar parchalari tushishidan keyin Ramensk rayonidagi Stanovoye posyolkasida bitta uy yonib ketganini ma’lum qilgan. Region rahbariga ko‘ra, oskolkalar 52 yoshli ayolni jarohatlagan, uni yuzi, bo‘yin va qo‘lidagi kuyish jarohatlari tashxisi bilan shifoxonaga yotqizishgan, hozirda u jonlantirish bo‘limida o‘rta darajadagi og‘ir holatda qolmoqda. Baza telegram-kanali aniqlik kiritishicha, bir uy vayron bo‘lgan, ikkinchisining tomi yongan. Shuningdek, atrofdan o‘tayotgan avtomobil shikastlangan.

Mahalliy pabliklarda Stanovoyedan bir necha kilometr masofada, Novoryazanskiy shossesining ikkinchi tomonida joylashgan Sofino qishlog‘idagi yong‘in aks etgan video ham paydo bo‘lgan. Unda ko‘p qavatli uy uzra tutun ko‘tarilgani aks etgan. Keyinroq TASS ushbu joydan video e’lon qildi, unga ko‘ra, uy hovlisidagi avtomobil yonganini ko‘rish mumkin.

ASTRA telegram-kanali esa «Jukovskiy» aerodromidan 7 km masofadagi Kratovo posyolkasida yong‘in chiqqani haqida xabar bergan. Hozircha bu ma’lumotni boshqa manbalar orqali tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan.

Dronlar hujumi vaqtida uchta aeroport – «Domodedovo», «Sheremetevo» va «Jukovskiy» - parvozlarni to‘xtatgan. Rosaviatsiyaga ko‘ra, 36 reys zaxira aerodromlariga yo‘naltirilgan. Soat 10 dan keyin cheklovlar bekor qilingan.

Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, tongda ukrainlarning jami 70 dan ortiq dronlari urib tushirilgan: Moskva oblastida 34 ta, Bryansk oblasti uzra 14 ta, Orlov va Kaluga oblastlarida — yettitadan, Kursk oblastida — oltita, Tula oblastida — ikkita.

Vazirlikning keyinroq bergan ma’lumotida bu hujumlar oqibatida jami besh kishi yaralangani ma’lum qilindi. Shuningdek, uchta aholi yashash manzilida to‘rtta uy yonib ketgan.

Mavzuga oid