O‘zbekiston | 20:58 / 13.11.2024
3639
6 daqiqa o‘qiladi

13 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Ingliz tili savodxonligida pasayish, Qo‘shrabotda o‘g‘irlab zo‘rlangan qiz, qamoqqa qaytarilgan hokimning o‘g‘li va birjada AI-80 benzin narxiga cheklov — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ingliz tili savodxonligida pasayish

2024 yilgi EF English Proficiency indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston – aholisi orasida ingliz tilini bilish darajasi eng past mamlakatlar qatorida qolmoqda.

Ayniqsa, 18-20 yoshlilar guruhidagi natijalarning pastligi e’tiborga molik. 21-25 yoshli talabalar o‘rtasida esa ingliz tili savodxonligi sezilarli yaxshilangan. Hududlar miqyosida eng yaxshi ko‘rsatkich Andijon shahrida qayd etilgan.

Bu yil O‘zbekiston 114 ta mamlakat orasida 98-o‘rinda qayd etilgan. Bu o‘tgan yilgidan pastroq: 2023 yilda O‘zbekiston 113 ta mamlakat orasida 93-o‘rinda edi. O‘z navbatida, o‘zbekistonliklarning ingliz tilini bilish borasidagi o‘rtacha reyting balli ham 442 dan 439 gacha pasaygan. Bu – CEFR shkalasi bo‘yicha B1 darajaga teng.

EF Education First kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi yirik shaharlarda nisbatan yuqoriroq bo‘lib qolmoqda. Bu borada Andijon shahri birinchi o‘rinda boryapti. Poytaxt Toshkent ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Farg‘ona shahri – uchinchi o‘rinda. Yuqori beshlikdan yaqin ko‘rsatkichlar ega Buxoro va Samarqand shaharlari ham joy olgan.

Eng past ko‘rsatkich Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida qayd etilgan.

Birjada AI-80 benzin narxiga cheklov

Raqobat qo‘mitasi birjada AI-80 markali benzinning boshlang‘ich narxi uchun 5 foiz miqdorida cheklov — spred o‘rnatdi. Shuningdek, bitta xaridorga 4 tonna benzin sotish cheklovi ham saqlab qolinadi.

Ushbu qaror narxlarga sezilarli ta’sir qila boshlagan. Xususan, 13 noyabr kungi savdolarda AI-80 benzinining o‘rtacha narxi tonnasiga 1,2 mln so‘mdan ko‘proqqa pasayib, 9,3-9,4 mln so‘mgacha arzonlashgan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqargan benzinning dastlabki narxi bir tonnasi uchun 8 mln 931 ming so‘mni tashkil etsa, joriy etilgan cheklovni hisobga olgan holda bir tonna benzinning eng yuqori narxi 9 mln 377 ming so‘mga teng bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 6 noyabrdan boshlab suyultirilgan gaz narxlarining boshlang‘ich narxiga nisbatan ham 20 foiz miqdorida cheklov joriy etilgandi.

Samarqandda maktab o‘quvchisi o‘g‘irlab ketildi

Qo‘shrabot tumanida 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va zo‘rlangan, deb xabar bermoqda “Sukut saqlama” loyihasi.

Jabrlanuvchi qizga arizasini qaytarib olish uchun bosim o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Gumonlanuvchilar hali ushlanmagan.

Qizning yaqinlariga ko‘ra, u 2024 yil 23 sentabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, qarindoshlari qiz yo‘qolgani haqida ariza yozgan. Jabrlanuvchi oradan 13 kun o‘tib, 6 oktyabr kuni badanida zo‘ravonlik izlari bilan topilgan.

Qizning hikoya qilishicha, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va mast qiluvchi moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zo‘rlashgan. Yaqinlari uni shifokorga olib borgan.

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra voqea yuzasidan “jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Voyaga yetmagan qizga nisbatan sud-tibbiy va biologik ekspertizalari tayinlangan.

Tumani hokimi o‘g‘li qamoqqa qaytdi

Fermer xo‘jaligi uchun elektr toki o‘g‘irlagan shaxs bu qilmishi uchun avvaliga 2,5 yilga qamalgan, lekin keyin viloyat sudi unga berilgan jazoni asossiz ravishda ozodlikni cheklash jazosiga almashtirgandi.

8 noyabr kuni Uychi tumanidagi «Jiydakapa baraka chorva» fermer xo‘jaligi rahbari (Pop tumani hokimining o‘g‘li) G‘ulom Sultonovning ishi Namangan viloyat sudida taftish instansiyasida ko‘rib chiqilgan va birinchi instansiya sudining hukmi o‘z kuchida qoldirilgan.

Avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining hukmiga ko‘ra, fermer G‘ulom Sultonov chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash sexini ochib, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan va 200 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasini yashirincha talon-toroj qilgan. Bu qilmishi uchun u 2,5 yilga “kesilgan” edi.

Lekin keyinroq, Namangan viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi hukmni 3 yillik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirgan. Ayni shu sud Jinoyat kodeksining bir xil moddasi bilan ayblangan oddiy fuqaroning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, 2,5 yillik qamoqni aslicha qoldirgan edi.

Tuman hokimining o‘g‘liga berilgan jazo yengillashtirilgani masalasida keyinroq viloyat prokuraturasi taftish tartibida protest kiritgan. Natijada viloyat sudi hay’atining taftish instansiyasi ajrib chiqarib, apellyatsiya instansiyasining ajrimini bekor qilgan va birinchi instansiya sudining hukmini o‘z kuchida qoldirgan.

Mavzuga oid