Jahon | 19:10 / 13.11.2024
3551
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?

Hindiston fond bozori hayratlanarli o‘zgarishlar bilan millionlab yangi investorlarni o‘ziga jalb qilmoqda. The Economist'ning yozishicha, oxirgi 5 yil ichida Hindiston moliya bozori indekslari dollar ekvivalentida 80 foizga o‘sgan va 100 millionga yaqin hindistonlik ilk marta investor bo‘lgan.

Mumbay fond birjasi / Foto: Dhiraj Singh / Bloomberg

Bunday keskin o‘sish fonida bozorga kirishdagi to‘siqlar pasaygan, hatto qashshoqlik chegarasiga yaqin bo‘lgan odamlar ham fond bozoriga kirib kelib, kompaniyalarning minoritar aksiyadorlariga aylangan.

Lekin aksiya sotib olishga bo‘lgan qiziqish favqulodda oshib ketishi bilan, risklar ham ortib bormoqda. Kompaniyalarning bahosi keskin ko‘tarilib ketgan. Masalan, taom yetkazish xizmatini ko‘rsatuvchi Zomato kompaniyasining aksiyalari oxirgi 2 yilda salkam 5 barobarga qimmatlagan. Bu esa investorlarning shu darajada yuqori narxlarda ham aksiya xarid qilishga tayyorligini ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda, spekulyatsiyalarning o‘sishi ham kuzatilyapti. Ayniqsa, derivativlar bozorida. Jahondagi derivativlar aylanmasining 80 foizi Hindiston bozoriga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim xabarlarga ko‘ra, hindistonlik chakana savdogarlarning 90 foizga yaqini bu bozorda pul yo‘qotyapti. Bu esa yangi ishtirokchilar uchun bozor xavf-xatarga to‘laligini ko‘rsatib beradi.

Derivativlar bozori – moliyaviy instrumentlar bozori bo‘lib, unda aktivlarning narxi, foizi yoki boshqa ko‘rsatkichlarga bog‘langan shartnomalar xarid qilinadi va sotiladi. Bu bozordagi asosiy mahsulotlar – qimmatli qog‘ozlar, valuta, tovarlar va hatto iqtisodiy indekslarga asoslangan derivativlardir. Asosiy derivativ turlariga opsionlar, fyucherslar, forvardlar va svoplar kiradi.

Millionlab hindistonliklarning moliya bozorlariga kirib kelishida raqamlashtirish muhim rol o‘ynadi. Groww va Zerodha kabi platformalar keng aholiga sodda shaklda investitsiya kiritish imkoniyatlari eshigini ochdi.

Bundan tashqari, “Birgalikdagi jamg‘armalar – eng to‘g‘ri tanlov” kabi targ‘ibot kampaniyalari birgalikda ochilgan hisobraqamlarning ko‘payishiga turtki bo‘ldi. Bunda bir guruh investorlar o‘z mablag‘ini bir jamg‘armaga tikib, bu mablag‘larni turli aktivlarga sarmoya qilish uchun professional menejerlarni yollaydi. Hozir Hindistonda bunday jamg‘armalar soni 205 millionga yetgan.

Ayni paytda, aksiyalarni birlamchi joylashtirishlar (IPO) va savdo faolligining keskin o‘sishi bois regulyatorlar yangi qoidalar joriy etishiga to‘g‘ri keldi. Chakana investorlarni haddan tashqari yo‘qotishlardan himoyalash maqsadida ayrim opsion shartnomalari bo‘yicha marja talablarini oshirish kabi choralar shular jumlasidan.

Hindiston fond bozoridagi inqilob raqamli dunyoda moliyaviy bozorlarda qatnashish qanchalik oson bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, jamoatchilik qisqa vaqt ichidagi bunday o‘sish qanday xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ham kuzatib borish imkoniga ega. Qizib ketgan bozor katta imkoniyatlarni taqdim etayotgandek ko‘rinsa-da, ko‘plab yangi ishtirokchilar uchun bozorning pasayish davriga o‘tishi qimmatli saboq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid