Jahon | 16:28
12488
10 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi ko‘plab uchastkalarda qulamoqda

RF qurolli kuchlari uch yil davomida yetib bora olmagan shaharlarini shturm qilmoqda.

Stanislav Krasilnikov / RIA Novosti / imago images / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi chuqur inqiroz holatida. Rossiya qo‘shini, yo‘qotishlari ortayotganiga qaramay, Donbass janubida, Kursk oblastida, Kupyansk frontida, Seversk va Chasiv Yar shaharlariga va hatto bungacha bir necha oy davomida jimlik hukm surgan Zaporijjya oblastida hujum qilmoqda. Kuraxovo shturmi boshlangan — bu Donbass janubidagi muhim logistik hab hisoblanadi. Rossiya qo‘shini shaharga sharqdan kirgan va deyarli markazigacha yetib borgan. RF qurolli kuchlarining boshqa bo‘linmasi Kuraxovo janubi-sharqidagi Dalneye qishlog‘iga bostirib kirgan. Shahar janubidagi ukrain qo‘shini qurshov xavfi ostida qolgan. Shu bilan bir vaqtda, RF QK bo‘linmalari Kupyanskning sharqiy qismiga hamda Chasiv Yar markaziga yetib bordi.

Kupyansk fronti

Oktyabr oyi oxirida Rossiya qo‘shini ko‘p oylik og‘ir janglardan keyin Kupyanskdan janubroqda Oskol daryosi bo‘yiga yetib keldi. Bu 2023 yil boshlangan yurishning asosiy maqsadi edi.

Shundan keyin Vladimir Putin Oskol daryosi sharqiy sohilida Ukraina qurolli kuchlarining besh va 10 ming kishilik ikki guruhi bloklangani haqida gapirdi. Aslida esa daryo sohilidagi Kruglyakovka va Kolesnikovka qishloqlari egallanishi bilan yurish to‘xtab qoldi. Rossiya bo‘linmalari janubiy (Borovaya yo‘nalishi) va shimoliy (Kupyanskka) yo‘nalishlarda platsdarmni kengaytirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, ular Ukraina qurolli kuchlari dronlarining ikki tomondan yo‘llanayotgan hujumlariga duchor bo‘lmoqda.

Yurishning keyingi maqsadi, katta ehtimol bilan, Kupyanskdan janubdagi Liman shahri bo‘ladi. U orqali Kramatorsk — Slovyansk aglomeratsiyasiga yaqinlashish mumkin bo‘ladi (to‘g‘ri, bu shaharlar Shimoliy Don daryosining g‘arbiy sohilida joylashgan; 2022 yilda Rossiya qo‘shini bir necha urinishda ham daryoni mazkur uchastkada kechib o‘tishning uddasidan chiqolmagandi, keyin esa Liman Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ozod etilgandi).

Daryo bo‘ylab janubga yurishni davom ettirish uchun, Rossiya qo‘shini Kupyanskni egallashi kerak: Svatovedan g‘arbga qarab ketgan va Oskol bo‘yidagi qo‘shinlarga ta’minot yetkazib berish mumkin bo‘lgan yo‘l ushbu shahar orqali o‘tadi. Boshqa variant — sharqdan ochiq va deyarli yo‘lsiz dalalar, daryolar, botqoqlik va o‘rmonzorlar bo‘ylab og‘ir janglar olib borish. RF qurolli kuchlari ikki yil davomida ikki yo‘l bilan ham natijaga erisha olmadi.

Ammo so‘nggi oylarda vaziyat o‘zgara boshladi: Ukraina qurolli kuchlarida surunkali kuch yetishmovchiligi kuzatilmoqda, nisbatan jangovar bo‘linmalar Kupyansk atrofidan olinib, Kursk oblastiga o‘tkazilgan. Bu esa RF qurolli kuchlariga ukrain mudofaasini bostirishga yordam bermoqda.

Kupyanskni faqat shimoldan zarba berish orqali egallash mumkin. Va Rossiya qo‘shini bunday zarbani yo‘lladi. 13 noyabr kuni zirhli texnikalarning ikkita kolonnasi temiryo‘l yoqalab harakatlanib shaharning sharqiy qismiga bostirib kirdi (Oskol sharqiy sohilidagi Kupyansk-Uzlovoy stansiyasi hududiga) va turar joylar va sanoat binolariga desant tushirdi.

Ukraina yurish qilgan guruhlar ustiga zarbalar yo‘lladi. Tarqalgan videolarga ko‘ra, rossiyaliklarning bir necha zirhli mashinalari yakson etilgan; Kupyanskning sharqiy qismi markazida rossiyalik bir necha harbiy asir tushgan.

Hozircha RF qurolli kuchlari Kupyansk chekkasiga o‘rnashib olish-olmasligi aniq emas. Agar bu ro‘y bersa, Ukraina qurolli kuchlari Oskol sharqiy sohilidagi platsdarmning kattagina qismini tashlab chiqishiga to‘g‘ri keladi. Eng yomon holatda Rossiya armiyasi uchun Liman tomon yo‘l ochiladi.

Kuraxovo

Donbass janubidagi muhim logistik hab hisoblanadigan Kuraxovo shturmi boshlangan. Rossiya bo‘linmasi (xuddi Kupyanskda bo‘lgani kabi) shahardagi turar joylar hududiga eng yaxshi himoyalangan tomondan — sharqdan, yaqinda egallangan Maksimilyanovka qishlog‘i orqali kirib kelgan. Bu yerdan Rossiya qo‘shini Kuraxovoning janubiy chekkasiga — Dalneye qishlog‘i tomon harakatlangan, Ukraina qurolli kuchlari tanklar orqali qarshi hujumga o‘tib, ularni to‘xtatgan.

Ammo RF qurolli kuchlari asosiy zarbani ukrain mudofaasining shimoliy va janubiy qanotlariga bermoqda.

Kuraxovodan shimolda Selidove, Gornyak va Kuraxovkani egallagan Rossiya qo‘shini Kuraxovo suv omborining g‘arbiy nuqtasiga ikk yo‘nalish bo‘ylab — Kuraxovka va Gornyak tomondan sohil bo‘ylab hamda Selidovedan janubga qarab yurmoqda. Selidovedan chiqqan kuchlar suv omborining g‘arbiy chekkasidan besh kilometr shimoldagi Sonsovka qishlog‘iga yetib kelgan.

Janubdan, Vuhledar tomondan Kuraxovoga boshqa bir guruh uch kolonnaga ajralgan holda harakatlanmoqda. Oktyabr oyida bu guruh Ukraina qurolli kuchlari Vuhledarni tashlab chiqib chekingan qishloqlarni egallagandi: Shaxtyorsk, Novoukrainka va Bogoyavlenka. 

Keyin Rossiya bo‘linmalari Trudove qishlog‘iga yaqinlashdi, uning ortida Uspenovka joylashgan — bu muhim yo‘llar kesishmasidir. U yerdan Kuraxovogacha 10 kilometr masofa qoladi.

RF qurolli kuchlari Dalneyega kirishi Uspenovkadagi ukrain kuchlarining holatini og‘irlashtiradi. Bu holatda Uspenovkadan sharqdagi barcha ukrain harbiylari qurshov xavfi ostida qoladi. Bu hududda Ukraina qurolli kuchlarining kattagina bo‘linmasi Rossiyaning Suxiye Yali daryosi sohillarini shturm qilayotgan bo‘linmalarini to‘xtatishga harakat qilmoqda. Katta ehtimol bilan, ukrain himoyachilari bu qishloqlarni tashlab ketishga majbur bo‘ladi.

Shu bilan birga, RF qurolli kuchlarining janubdagi guruhi Kuraxovoga shimollik «qo‘shnilar»dan keyinroq yetib borishi aniq: janubdagi kuchlar nafaqat Suxiye Yali daryosini, balki undan shimoldagi tepaliklarni ham yengib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Shimoliy va janubiy guruhlar o‘rtasida Volchya daryosi g‘arbiy chekkasidagi to‘g‘onli suv ombori joylashgan. 11 noyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari nazoratida to‘g‘on portladi — buni katta ehtimol bilan ukrain sapyorlari amalga oshirgan. Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi birinchi navbatda shimoldagi Rossiya qo‘shini yorib kirishidan xavfsiramoqda. Qo‘mondonlik o‘z qo‘shinlarini suv ombori shimolidan olib ketgan bo‘lishi mumkin. Volchya daryosidan janubda Kuraxovo shahri va muhim Donetsk — Zaporijjya yo‘li joylashgan, bu yo‘lni ukrain qo‘shini oxirgi daqiqagacha himoya qilishga bel bog‘lagan.

Kursk oblasti

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmi qisqarishi davom etmoqda. Ukrain qo‘shini Glushkovo rayonini tark etgan, oktyabr oyida RF qurolli kuchlari Sudjadan g‘arbda va sharqda qarshi hujumga o‘tganida chegara ortidan o‘tkazilgan bo‘linmalar bilan shu rayonda chalg‘ituvchi yurish amalga oshirilgandi. Endi Rossiya qo‘shini bu hududda davlat chegarasiga chiqqan.

Rossiya qo‘shini Ukraina kuchlarini baribir Korenevo va Sudja oralig‘idagi o‘rmondan siqib chiqara olmadi. Vladimir Putin bu yerda go‘yoki ikki ming ukrain harbiysi qurshab olinganini aytgandi. Ammo ma’lum bo‘ldiki, Ukraina qurolli kuchlari bu qo‘shinga Malaya Loknya orqali ta’minot yetkazib bermoqda, Rossiya qo‘shini endi o‘rmonga «ro‘paradan» shturm boshlagan.

RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining Sudja g‘arbidagi mudofaasini asta-sekinlik bilan bostirib kelmoqda. Ukraina qurolli kuchlarining tanklar orqali uyushtirayotgan qarshi hujumlariga qaramay, ular Novoivanovkaga mustahkam o‘rnashib olgan; Ukraina qurolli kuchlari mudofaasining muhim punkti bo‘lgan Malaya Loknyaga hujum qilmoqda (katta yo‘qotishlar berib va u qadar muvaffaqiyatli emas).

Shuningdek, Rossiya bo‘linmalari shturm bilan Darino qishlog‘ining bir qismini egallagan. Uning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlariga qimmatga tushishi mumkin: qishloq Snagost daryosining sharqiy sohilida — Sudjaga yaqinroq qismida joylashgan, ukrain armiyasi butun mudofaasini ushbu daryo sohili bo‘ylab ushlab turishga harakat qilayotgandi.

Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmiga sharqdan ham hujum qilmoqda. Noyabr oyi boshida ular zirhli texnikalar kolonnasi bilan Sudjadan janubdagi Plexovo qishlog‘iga kirishga harakat qilgandi — va faqat texnikalarini yo‘qotgandi. Ammo keyin ular kutilmaganda qishloqni shimoldan aylanib o‘tib, Psel daryosini qayiqlarda kechib o‘tdi va Plexovoning shimoliy chekkasida jang boshladi.

Umuman olganda, Rossiyaning Kursk oblastidagi yurishi sekinlashgan: front chizig‘i qisqargan sayin Ukraina qurolli kuchlari qarshiligi kuchliroq bo‘lmoqda.

Mavzuga oid