Jahon | 01:10 / 16.01.2016
6903
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarbayjonda valyuta sotuvi cheklanishi munosabati bilan xalq ko‘chalarga chiqdi

Kecha, 13 yanvar kuni Ozarbayjon markaziy banki barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalarining litsenziyalarini tugatdi. Endilikda chet el valyutasini faqat bank filiallarida ayirboshlash mumkin.

Bu holat aholida keskin noroziliklar keltirib chiqardi. Bir qator shaharlarda norozilik aksiyalari uyushtirildi. Odamlar ko‘chalarga chiqib, o‘z noroziliklarini ifodalay boshladi.

Mahalliy matbuotda xabar qilinishicha, 13 yanvar kuni bunday namoyishlar Aqchabandi, Ujar, Fuzuliy, Langaron tumanlarida o‘tkazilgan.

Bugun esa namoyishlar Guba shahrida davom etmoqda. Aholi tuman rahbariyati bilan uchrashishni talab qilmoqda. Aholi bilan tuman ijroiya hokimiyati rahbari Yashar Mamedov uchrashib, valyuta siyosati bilan bog‘liq masalalar mamlakat rahbariyati darajasida hal qilinishini aytib o‘tdi.

Lekin bu javob namoyishchilarni qoniqtirmadi. Ular eski vokzal hududida to‘planishda davom etishdi. IIV vakillari bu masalalarni hal qilishga va'da berib, ularni tarqalishga chaqirganiga qaramay, odamlar Guba-Boku yo‘lini to‘sib qo‘yishga urinishdi. Ichki qo‘shinlar voqea joyiga yetib kelib, namoyishchilarni suv purkagich va yosh oqizuvchi gaz vositasida tarqatib yuborishga urindi.

13 yanvar kuni jami jamoat tartibini buzgan 50 kishi qo‘lga olingan edi. Bugun necha kishi hibs etilgani noma'lum.

Internetda voqea joyidan olingan ko‘plab videoroliklar joylashtirildi.