O‘zbekiston | 18:01 / 18.01.2016
11555
2 daqiqa o‘qiladi

Avtobus, mikroavtobus, mototsikl va moped chiroqlari kunduz kuni ham yoqilgan bo‘lishi shartligi belgilandi

2016 yilning 1 martida kuchga kiradigan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, tashkiliy ravishda odam olib ketayotgan, yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobuslar, mikroavtobuslar, shuningdek, mototsikl va mopedlar xavfsizlikni ta'minlash choralarini kuchaytirish uchun kunning yorug‘ paytida harakatlanayotganda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishlari shart.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB boshlig‘i, polkovnik Xolmatjon Saydaliyev Ichki ishlar vazirligi saytiga bergan intervyusida ma'lum qildi.

“Transport vositalari kunning yorug‘ vaqtida ham chiroqlarini yoqib yursa, ko‘pchilikning e'tiborini tortadi, - dedi X.Saydaliyev. - Yangi tahrirdagi qoidalarda ham shu jihat e'tiborga olindi.

Endilikda tashkiliy ravishda odam olib ketayotgan, yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobuslar, mikroavtobuslar, shuningdek, mototsikl va mopedlar xavfsizlikni ta'minlash choralarini kuchaytirish uchun kunning yorug‘ paytida harakatlanayotganda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishlari shart, deb belgilandi. Ushbu tartib qoidalarning 138-bandiga qo‘shimcha qilib kiritildi”.

Bunga qo‘shimcha sifatida, YHQning transport vositalari boshqaruvchilarining yoshini belgilovchi 149-bandi haydovchilarni tayyorlash to‘g‘risidagi Nizom talablariga mos ravishda yangi tahrirda berilgani aytib o‘tildi.

Ya'ni, qoidalarga asosan «A» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qiyotganlar o‘qishni bitirish vaqtida kamida 16 yoshda, «V» va «S» toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qiyotganlar o‘qishni bitirish vaqtida kamida 18 yoshda, «D» va tramvay, trolleybusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qiyotganlar o‘qishni bitirish vaqtida kamida 21 yoshda bo‘lishi kerak.