Jahon | 09:30 / 19.01.2016
4874
2 daqiqa o‘qiladi

Kerri: Eronning neft qazib olish infratuzilmasini tiklash uchun 500 mlrd dollar zarur bo‘ladi

Erondan xalqaro sanksiyalar bekor qilinganidan keyin Eron xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan 55 mlrd dollarga yaqin mablag‘iga ega bo‘la oladi, biroq uning infratuzilmani tiklashga ehtiyoji ancha ko‘proqni tashkil qiladi. Bu haqda 18 yanvarda CNN telekompaniyasiga intervyuda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri aytib o‘tdi.

“Men reportajlarda 100-150 mlrd dollarga yaqin raqamlarni eshitdim. Bu noto‘g‘ri. Gap ma'lum vaqt ichida 55 mlrd dollarga ega bo‘lish haqida ketmoqda”, deb aytdi Kerri. Kerrining fikricha, bu orada Eronga neft qazib olish infratuzilmasini tiklash uchun 500 mlrd dollar zarur bo‘ladi.

Suriya ixtilofini tartibga solish istiqbollari haqidagi savolga Kerri AQSh yaqinda Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashgani Suriya bo‘yicha muzokaralar borishiga ta'sir qilmasligiga umid bildirayotganini aytdi.

“Eronliklar muzokaralar stoliga o‘tirishga rozi bo‘lishdi. Ular bu stol atrofida Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar bilan birga bo‘lishadi, buni bir necha oy tasavvur qilib ham bo‘lmasdi.

Saudiyaliklar ham, eronliklar ham ular orasida hozirda mavjud bo‘lgan kelishmovchiliklar Suriya muammosini hal qilishda taraqqiyotga erishishga urinishlarga ta'sir qilmasligiga kelishib oldilar”, deb aytdi Kerri.

AQSh Davlat kotibi Eron Suriya bo‘yicha reja taklif qilganini eslatib o‘tdi. “Bu rejada o‘t ochishni to‘xtatish, yangi konstitutsiyani yaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish, milliy birdamlik hukumatini yaratish va saylovlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Bu takliflar Jyenevadagi muzokaralar ishtirokchilari erishishga uringan maqsadlarga juda yaqin. Bularning barchasini ko‘rib chiqish kerak”, deb ta'kidladi Kerri.