Davos forumida eng yaxshi mamlakatlar reytingi e'lon qilindi
Reyting US News & World Report tomonidan tayyorlanib, Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumida taqdim etildi.
Mamlakatlar to‘qqizta mezon asosida baholandi: turizm sohasi, innovatsiyalar, jahon sahnasidagi qudrati va ta'siri, ijtimoiy soha, madaniyat, tarixiy meros, iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari, biznes uchun qulaylik, aholi hayotining umumiy darajasi.
60 ta mamlakatdan iborat bo‘lgan umumiy reytingda Germaniya yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlar esa Kanada, Buyuk Britaniya, AQSh va Shvetsiyaga tegishli.
Xitoy 7-o‘rin, Hindiston 22-o‘rin, Turkiya 30-o‘rinni egallagan. Rossiya 24-o‘rinni egallab, Portugaliya va Isroil davlatlari orasidan joy olgan.
Ro‘yxatning so‘nggi uchligida esa Eron (58-o‘rin), Ukraina (59-o‘rin) va Jazoir (60-o‘rin)ni ko‘rishimiz mumkin.
Reyting US News & World Report tomonidan BAV Consulting va Pensilvaniya universiteti hamkorligida tayyorlangan. U 36 mamlakatdagi 16 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga asoslanadi. So‘rovnomada biznes elita vakillari hamda oddiy fuqarolar ishtirok etgan.