Xitoylik juftlik 21 ming dollarga teng maydalangan yuan qog‘oz pullarini yelimlab chiqish uchun uch oy sarfladi
Xitoyning Lyaonin shahrida yashovchi juftlik shrederda maydalangan 140 ming yuanga teng (21,3 ming dollar atrofida) qog‘oz pullarni tiklash uchun 3 oy sarfladi.
Ular mahalliy televideniyeda ma'lum qilganlaridek, oiladagi erkakning 85 yoshli otasi bu pullarni shu tariqa yo‘q qilishga qaror qilgan. 2015 yil oktabrda u o‘z uyini 200 ming yuanga sotgan.
Keksa erkak o‘g‘li va kelini uni talamoqchi degan xayolga borib, vosvosga tushib qolgan. Cholning yaqinlari unga pulni bankka qo‘yishni taklif qilishgan, biroq u negadir pullarni mayda-mayda qilib tashlashga qaror qilgan.
Juftlik pullarni asl holiga yelimlab keltirishi uchun 3 oy vaqti ketdi. Ular ba'zida bunga kuniga 17 soatlab vaqt sarflashdi. Ularning bu urinishlari zoye ketmadi: ular pullarni tiklab, uni saqlashga bankka topshirishdi.