AQSh Yaponiyaga 12 dona “ko‘rinmas” F-22 qiruvchisini joylashtirdi
AQSh harbiy havo kuchlari o‘zining Tokio hududidagi Iokoto bazasiga beshinchi avlod F-22 Raptor jangovar samolyotlarini joylashtirdi. Bu haqda Tokioda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yaponiya Mudofaa vaziri Gen Nakatani ma'lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 yanvar kuni bazaga sakkizta, keyingi kuni esa yana to‘rtta F-22 yetib keldi. Ularning joylashtirilishiga KXDR tomonidan to‘rtinchi marotaba o‘tkazilgan yadro quroli sinovi sabab ekani aytilgan.
Yapon vaziri mazkur samolyotlarning joylashtirilishini xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bir qismi, deb atadi. “Shimoliy Koreyaning yangi yadro sinovini o‘tkazgani Shimoli-sharqiy Osiyodagi vaziyatning keskinlashganini ko‘rsatadi, - dedi Nakatani. – Yaponiyaga xavfsizligini ta'minlashi uchun AQShning to‘xtatib turuvchi kuchi zarur”.
“Ko‘rinmaslik” xususiyatiga ega F-22 har qanday ob-havoga mo‘ljallangan qiruvchi bo‘lib, havoda jang qilish uchun ishlab chiqilgan. Ularni AQShning eng yaqin ittifoqchilariga ham sotish taqiqlangan.