Fan-texnika | 20:34 / 25.01.2016
7226
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi iPhone fotosuratlari internetda chop etildi

Go‘yoki Apple’ning hali anons qilinmagan smartfoni aks etgan fotosurat One More Thing forumining foydalanuvchilari tomonidan chop etildi. Kompaniya manbalariga ishonadigan bo‘lsak, iPhone 5s’ning takomillashtirilgan versiyasi bo‘lgan uskuna mart oyida rasman taqdim etiladi.

Yangi apparat suratga iPhone 5 bilan yonma-yon tushirilgan. Dizayniga ko‘ra u ko‘proq iPhone 6ni eslatib yuboradi – yoqish tugmasi korpusning o‘ng yonida joylashgan, balandlikni boshqarish tugmalari esa uzayib, hajman biroz qisqargan.

Mutaxassislarning aytishicha, fotosuratda darhaqiqat iPhone 5se’ning oxirgi versiyasi yoxud prototiplaridan biri ko‘rsatilgan. O‘tgan yillar mobaynida shu manbaning o‘zi iPad Air 2 ekrani va iPad Air korpusining haqqoniy suratlarini chop etgan edi.

Mart oyida taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 5se iPhone 5s bilan bir xil 4 dyuymli ekranga, iPhone 6nikiga uyg‘un protsessor va kameraga, iPhone 6s’dan olingan kommunikatsion chiplarga ega bo‘ladi. Uskuna, shuningdek, Apple Pay to‘lov tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun NFC chipi hamda Live Photos “tirilgan foto” funksiyasi bilan ta'minlanadi. Shu bilan birga, iPhone 6s’da taqdim etilgan bosish kuchini o‘lchaydigan sensor ushbu gadjyetda bo‘lmaydi.

Uskuna lineykada iPhone 5s’ning o‘rnini egallaydi va uning narxida sotiladi.