Sog‘liqni saqlash vazirligi: O‘zbekistonda cho‘chqa grippiga chalinish holatlari qayd qilinmadi
O‘zbekiston hozircha birorta A/H1N1 grippiga (cho‘chqa grippi) chalinish holati kuzatilmadi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, bosh davlat sanitar vrachi Saidmurod Saidaliyev bayonot berdi.
“Shu kunlarda dunyoning bir qator mamlakatlarida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda ushbu yo‘nalishdagi ishlar kuchaytirildi. 3 mingga yaqin tahlillar o‘tkazildi, birorta cho‘chqa grippiga chalinish holati kuzatilmadi”, - uning so‘zlarini keltiradi Sputnik agentligi.
Saidaliyevning so‘zlariga qaraganda, vazirlikning virusologiya ilmiy tadqiqot instituti qoshida virusologik laboratoriya ishlaydi, u Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tegishli sertifikatiga hamda cho‘chqa grippini aniqlay oladigan diagnostika uskunalariga egadir.