Jahon | 08:35 / 27.01.2016
9360
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya bosh vaziri Eron prezidentining kelishi oldidan yalang‘och ko‘rinishdagi haykallarni to‘stirib qo‘ygani uchun tanqidga uchradi

Italiyalik siyosatchilar Italiya bosh vaziri Matteo Rentsini Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning Italiyaga safari paytida Kapitoliy muzeyiga tashrifi oldidan u yerdagi barcha yalang‘och ko‘rinishdagi qadimiy haykallarni to‘stirib qo‘ygani uchun tanqid qildilar, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Italiyaning turli partiyalari vakillarining aytishicha, Rentsi Eron prezidenti bilan uchrashuvda nafaqat Erondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat haqida hech narsa demadi, balki yalang‘och ko‘rinishdagi odam haykallarini to‘stirib, Italiyaning madaniy yodgorliklariga bepisandlik qildi.

“Boshqa madaniyatlarga hurmat o‘z madaniyatidan voz kechish deganini anglatmasligi kerak”, deb aytdi “Olg‘a, Italiya” partiyasining a'zolaridan biri.

Uning aytishicha, bu xatti-harakat – hurmat belgisi emas, balki madaniyatlar o‘rtasidagi tavofutni berkitishga urinish va o‘z davlati madaniy merosiga bepisandlikdir.

“So‘llar Ekologiya Erkinlik” partiyasi Rentsini “madaniyat va san'atning universal qadriyatini kamsituvchi bu qarorini” tushuntirishga chaqirdi.

Avvalroq Ruhoniyning Italiyadagi muzeyga tashrifi tufayli muzeydagi yalang‘och haykallar panellar bilan to‘sib qo‘yilgandi. Mahalliy axborot agentligining aytishicha, Eron prezidentiga hurmat belgisi sifatida bunday yo‘l tutilgan.