Jahon | 11:31 / 27.01.2016
17532
3 daqiqa o‘qiladi

Zika qanday virus? G‘arbiy yarimsharga tahdid solayotgan kasallik nimasi bilan xavfli?

25 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Lotin Amerikasida keng tarqalib borayotgan Afrikaning Zika virusi Kanada va Chilidan tashqari butun g‘arbiy yarim sharga xavf tug‘dirayotganini e'lon qildi. Qon so‘rar pashshalar orqali yuqadigan Zika virusi keltirib chiqaradigan bezgak inson hayoti uchun tahdid uyg‘otmaydi.

Ammo kasallikka chalingan homilador onadan farzandiga yuqsa, bolada mikrotsefaliya (boshning me'yordan kichik bo‘lishi)ni keltirib chiqaradi. Virus kam o‘rganilgan, vaksina va samarali davo chorasi ishlab chiqilmagan.

“Meduza”ning ma'lum qilishicha, Zika virusi 1947 yilda aniqlangan. Birinchi marta u Ugandada Zika o‘rmonida yashovchi makaka maymunlarida aniqlangan. Oradan bir necha yil o‘tganidan so‘ng kasallik insonlarda ham qayd etildi. Mikroneziya va Polineziyada kasallik urchigan 2007 yilga qadar Zika virusi insonlarda kamdan-kam holatlarda aniqlangan. Aniqrog‘i, jami bo‘lib 15 holatda kasallanish kuzatilgan. Garchi asosan pashshalar orqali yuqsa ham, insondan insonga jinsiy yo‘l bilan ham o‘tishi mumkin. Ko‘pchilik kasallikni tik oyoqda o‘tkazib yuborishadi va shifokorlarga murojaat qilishmaydi.

Virus keltirib chiqaradigan Zika bezgagi yengil kechadi va o‘limga olib kelmaydi. Kasallik kon'yunktivit (ko‘z shilliq pardasining yallig‘lanishi), bosh va bo‘g‘inlar og‘rig‘i, yallig‘lanish jarayonlari, alohida holatlarda esa ko‘ngil behuzur bo‘lishi va qayt qilish, oshqozonda buzilish va og‘riqlarni keltirib chiqaradi.

Virusning yana bir xavfli jihati shundaki, u Giyena — Barre sindromini keltirib chiqarishi mumkin. U noyob autoimmun kasallik bo‘lib, mushaklar holsizligi bilan namoyon bo‘ladi. 15 foiz holatda sindrom falajlikni keltirib chiqarib, nafas yetishmovchilik sababli o‘limga olib borishi ham mumkin. Mikrotsefaliyada bo‘lgani kabi, Giyena — Barre sindromining ham Zika virusiga qanday aloqador ekani noma'lumligicha qolmoqda.

Shu bois Salvador mazkur bezgakka chalingan ayollarga yaqin uch yilda farzand ko‘rmaslikni tavsiya qilmoqda. Braziliya shifokorlari ham xuddi shunday fikrda. AQSh hukumati esa homilador ayollargga virus tarqalgan mamlakatlarga bormaslikni tavsiya qilmoqda.

2015 yilda Braziliyaning o‘zida yarim millionga yaqin kishi Zika bezgagidan aziyat chekdi. Bemorlarning aniq sonini aytish mushkul boisi hamma ham shifokorlarga murojaat etavermaydi. Aedes aegypti pashshalari yashaydigan Osiyo, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika (Kanada va Chilidan tashqari), Tinch okeani mintaqasi davlatlarida mazkur xastalik keng tarqalishi mumkinligi aytilmoqda. Kasallikka pandemiya maqomi berildi.