Jahon | 00:09 / 28.01.2016
14258
1 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda tolibonlar terakti tufayli Kobulga O‘zbekiston elektri yetib borishi to‘xtadi

Afg‘onistonning Bog‘lon viloyatida tolib jangarilari tomonidan O‘zbekistondan Kobulga elektr energiya yetkazilishini ta'minlovchi elektr uzatish liniyasi ustuni portlatildi. Bu haqda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga iqtibos keltirgan holda Pajhwok afg‘on axborot agentligi ma'lum qildi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, agar hudud hukumatga qarshi kuchlardan tozalansa, liniyani ta'mirlash bir kunda amalga oshirilishi mumkin.

26 yanvardan Bog‘lon viloyati hududida huquq-tartibot muassasalarining 2 mingdan ko‘proq xodimi ishtirokida toliblarga qarshi operatsiya boshlandi.

Mahalliy hokimiyat operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini hamda toliblar ko‘plab hududlarni tark etishga majbur bo‘layotganini ma'lum qilishmoqda, bu esa elektr bilan yuzaga kelgan muammoning yaqin orada hal qilinishiga umid beradi.