Jahon | 17:13 / 28.01.2016
4723
3 daqiqa o‘qiladi

G‘arb matbuoti korrupsiya indeksini shubha ostiga oldi

Kecha Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotining 2015 yil uchun Corruption Perceptions Index korrupsiya reytingini e'lon qilgan edi. Nufuzli The Washington Post gazetasi jurnalisti nafaqat reytingni, balki uni tuzishda qo‘llanilgan metodlarni ham shubha ostiga oldi.

Transparency International yil davomida 168 davlatni o‘rganib, natijalarni 100 ballik shkalada aks ettiradi. To‘plangan balliga ko‘ra davlatlardan reyting tuziladi. Natijalar deyarli har yili o‘zgarishsiz qoladi: kichik shimoliy demokratiyalar g‘alaba qozonadi. Ikki yildan buyon reytingda birinchilik Daniyaga tegishli bo‘lib qolmoqda (91 ball). Birinchi o‘nlikka, shuningdek, Finlyandiya (90), Shvetsiya (89), Yangi Zelandiya (88), Niderlandiya (87), Norvegiya (87), Shveytsariya (86), Singapur (85), Kanada (83) va Germaniya (81) kirdi. Oxirgi o‘rinni Shimoliy Koreya va Somali bo‘lishib oldi (8 balldan).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ushbu indeksda o‘rnini biroz yaxshilab, 19 ball to‘pladi (o‘tgan yilgi ko‘rsatkich – 18 ball), 168 davlat ichida 153-o‘rinni egalladi (2014 yilgi ko‘rsatkich – 175 davlat ichida 166-o‘rin).

Sobiq Ittifoqning boshqa davlatlari quyidagicha natijalar ko‘rsatdi: Estoniya — 23-o‘rin (70 ball), Litva — 32 (61), Latviya — 40 (55), Gruziya — 48 (52), Armaniston — 95 (35), Moldova — 103 (33), Belarus — 107 (32), Ozarbayjon va Rossiya — 119 (29), Qozog‘iston va Qirg‘iziston — 123 (28), Ukraina — 130 (27), Tojikiston — 136 (26), Turkmaniston — 154 (18).

Transparency International reytingida qiziq ayrim jihatlar bo‘lib, Washington Post tahlilchisi shularga e'tibor qaratdi. Masalan, Xitoydagi o‘zgarishlar. 2014 yilga nisbatan XXRning bahosi 1 ballga o‘sib, u 36dan 37ga ko‘tarildi. Global reytingda esa u bir yo‘la 17 o‘ringa ko‘tarilib, 83dan 100ga yetdi. Bu dunyoda 250 davlat borligi, Transparency International reytingida ularning 82tasi ishtirok etmasligi bilan tushuntiriladi.

2015 yilgi reytingdan chiqarilgan ko‘plab davlatlar qatorida Karib havzasidagi 7 davlat ham bor. Xitoyning muvaffaqiyati ham shu bilan tushuntiriladi: u shunchaki chiqib ketganlar hisobidan ko‘tarilgan. Si Tszinpinning aksilkorruptsion kampaniyasi yaxshi ma'lum: u tufayli hatto Yevropada ham lyuks toifasidagi tovarlarga bo‘lgan ehtiyoj pasaydi. Ammo u 2013 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, shundan buyon Xitoyda radikal o‘zgarish bo‘lmadi.

Bundan tashqari, Transparency International statistikasi faqat davlat sektorini inobatga oladi, xususiy sektor esa chetda qolib ketadi. Ya'ni LIBOR bilan bog‘liq janjal Buyuk Britaniyaning bahosiga mutlaqo ta'sir qilmadi. O‘z navbatida, Volkswagen bilan bog‘liq voqealar ham Germaniyaga ta'sir o‘tkazmadi. Aslida esa ikki voqea ham tilga olingan davlatlar nufuziga ta'sir ko‘rsatdi, lekin buni inobatga oladigan mexanizmlar Transparency International statistikasida yo‘q.

Eldor Asanov tayyorladi