Jamiyat | 10:19 / 29.01.2016
7111
2 daqiqa o‘qiladi

Xovosda rus tili o‘qituvchisini o‘ldirgan shaxslar qo‘lga olindi

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi maktablardan birida dars berib kelgan, bir necha yillar muqaddam pensiyaga chiqqan Valentina Kositsina ismli keksa ayol to‘satdan g‘oyib bo‘lgani qo‘shnilarning bezovtaligiga sabab bo‘ldi. Birozdan uning jasadi kanaldan topildi. Voqea tafsilotlarini “Darakchi” nashri keltirmoqda.

Aytilishicha, ayol yolg‘iz yashagan, oila qurmagan, yaqin qarindoshlari bo‘lmagan.

Tergovning aniqlashicha, oxirgi paytlarda Gulnora Davletova ismli ayol uning uyiga serqatnov bo‘lgan. Kositsinaning uyini va nafaqa pullarini o‘zlashtirishga harakat qilgan, lekin rad javobini olgach, o‘g‘li Bahodir bilan keksa ayolga nisbatan zo‘ravonlik ishlata boshlagan.

Ular Kositsinaning kaltaklab, jiddiy jarohatlar yetkazishgan va buni birov ko‘rib qolmasligi uchun jarohatlar bitguniga qadar yerto‘laga qamab qo‘yishgan. So‘ng qarindoshlari Ulug‘bek Arziqulovni chaqirib, uning yordamida Kositsinaning tomiriga uxlatadigan ukol qilishgan. So‘ngra mashinaga solib, kanal yaqiniga olib borishgan. U yerda ayol bo‘g‘ib o‘ldirilgan, so‘ng kanal suvida oqizib yuborilgan.

Huquq-tartibot organlari qotillarni aniqlab, ularni javobgarlikka tortdi.