Jamiyat | 11:35 / 03.02.2016
6370
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi

3 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘MI Matbuot xizmati xabar bergan.

Delegatsiya a'zolari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bir hafta davom etadigan safar davomida Saudiya Arabistonida Haj vaziri Bandar Hajjor bilan uchrashishlari, muborak “Haj - 2016” mavsumini tashkil etishga taalluqli tashkiliy masalalarni kelishib olishlari rejalashtirilgan. Delegatsiya a'zolari shuningdek, bu yilgi haj mavsumida hojilarga xizmat ko‘rsatuvchi Umumiy Bosh Muassasa, Transport Uyushmasi, Haj vazirligining Makkai mukarrama va Madinai munavvara filiallari rahbarlari bilan ham uchrashadilar. Safar davomida Saudiya Arabistoni vakillari bo‘lgan martabali mas'ullar bilan muborak haj safarini ko‘ngilli o‘tkazishga taalluqli masalalarni muvofiqlashtirib olinadi.

Delegatsiya a'zolariga shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi J. Nuriddinov va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri H. Hasanov hamrohlik qilishadi.