O‘zbekiston | 09:43 / 04.02.2016
10812
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi avtobuslarda Wi-Fi ishlamoqda

Toshkent shahridagi avtobuslarga internetdan tekin foydalanish imkonini beruvchi Wi-Fi o‘rnatilishi boshlangan. Bu xizmatdan birinchi bo‘lib "Toshkent" vokzalidan "TTZ" bozorigacha qatnovchi 14-yo‘nalishdagi avtobuslar yo‘lovchilari foydalanishgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi "Potrebitel.uz" guruhi foydalanuvchisi ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, avtobusdagilar ko‘pchilik bo‘lib Wi-Fi`ga ulanishgan bo‘lsada, internet tezligi yaxshiligicha saqlanib qolgan.

Fotoxabar qoldirgan foydalanuvchi avtobus ichidagi Wi-Fi haqidagi e'lon suratini ham keltirgan. E'londa: "Bu avtobusda Wi-Fi bor", deya yozilgan va ulanish mumkin bo‘lgan tarmoq nomi ("WI-FI-BUS") ko‘rsatilgan.

Ijtimoiy tarmoqdagilar bu yangilikka ikki xil munosabat bildirishgan. Ba'zilar bu xabarni ma'qullashgan va bu xabarni soha rivojidagi muhim xabar sifatida baholashgan, boshqalar esa "bepul internetning sanoqsiz talabgorlari tufayli bu avtobusga chiqish qiyinlashishi mumkinligi"dan xavotir olishgan.