Jahon | 19:04 / 04.02.2016
6353
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda giyohvandfurushlik bilan shug‘ullangan 15 tojikistonlik hukm o‘qilishini kutmoqda

Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblangan Tojikistonning yana 15 nafar fuqarosi Xitoy qamoqxonalarida o‘z taqdirini kutishmoqda. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Dushanbe diplomatik kanallar orqali ularning o‘z vataniga ekstraditsiya qilinishi va o‘lim jazosining qamoqxona hukmi bilan almashtirilishiga erishish choralarini ko‘rmoqda.

Vazirning qayd etishicha, TIV tomonidan Xitoyda yaqindagina noqonuniy narkotik moddalar savdosi uchun qatl qilingan Tojikiston fuqarosi Hasan Yusufovga chiqarilgan o‘lim jazosini bekor qilishni so‘rab 2015 yilning dekabrida uch marotaba nota yo‘llangan. Biroq murojaatlarga rad javobi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 28 yanvar kuni Yusufovga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi ijro etildi.

Yusufov muqaddam Xitoydan Tojikistonga mahsulotlar yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Besh yil avval esa Xitoyning Urumchi shahrida narkotiklar kontrabandasi aybi bo‘yicha qo‘lga olingan va keyinroq Xitoy sudi unga nisbatan o‘lim jazosini tayinlagan.