O‘zbekiston | 19:13 / 05.02.2016
9110
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avtomobillarda nur qaytargichli maxsus jilet bo‘lishi majburiy deb belgilandi

O‘zbekistonda 1 martdan kuchga kiradigan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, avtomobilda tibbiyot qutichasi, o‘t o‘chirgich va avariyaviy to‘xtash belgisi bilan birga, nur qaytargichli maxsus jilet bo‘lishi shartligi belgilandi.

"Ushbu qoida yengil va yuk avtomobili, avtobus va g‘ildirakli traktorlar haydovchilari uchun majburiy etib belgilandi", deb yozadi Gazeta.uz nashri.

IIV YHXBB vakillari avtomobil uchun yuqorida ko‘rsatilgan majburiy vositalarni sotib olinayotganda ularning sertifikatlari mavjudligiga e'tibor qaratishni va sotuvchilardan mahsulot sifati haqidagi hujjatlarni talab qilishni tavsiya qiladi.

Xabarda ta'kidlanishicha, tibbiyot qutichasini dorixonalardan xarid qilgan ma'qul. Sertifikatlarga ega tibbiyot qutisi, nur qaytargichli jilet, avariyaviy to‘xtash belgisi va o‘t o‘chirgich kiradigan maxsus komplektlarni nafaqat bozor va do‘konlarda, balki avtosalonlarda ham sotib olish mumkin.

Shuningdek, YHXBB «O‘zavtosanoat» kompaniyasi bilan kelgusida respublikada ishlab chiqarilayotgan yangi avtomobillar komplektatsiyasiga tayyor to‘plamlarni kiritish borasida muzokaralar olib bormoqda.