Jahon | 16:32 / 05.02.2016
10229
2 daqiqa o‘qiladi

Peskov Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan hech qanday uchrashuv o‘tkazishni va aloqaga chiqishni rejalashtirmagan. Bu haqda mamlakat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib xabar tarqatilgan.

«Shuningdek, menga qandaydir aloqalar o‘rnatilishi rejalashtirilayotgani ham qorong‘u», — deya qo‘shimcha qilib o‘tgan Peskov.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Turkiya vakili bilan hech qanday uchrashuv tashkil qilishni rejalashtirmayotgani haqida gapirib o‘tgandi.

30 yanvar kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Rossiya rahbari bilan uchrashuv o‘tkazish kerakligi haqida e'lon qilgandi. Turkiya tomonining fikricha, buning sababi Rossiya harbiy samolyotlarining “navbatdagi chegara buzishi” qayd etilgani bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirlgida ushbu ma'lumot inkor etildi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning ushbu taklifi Putinga yetib borgan, lekin u bunga e'tibor qaratmagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yilning 24 noyabrida Turkiya HHKga tegishli qiruvchi samolyot Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirganidan keyin jiddiy inqirozga uchradi. Putin rasmiy Anqaraning ushbu harakatini “ortdan berilgan zarba” deb baholadi.

Shundan keyin Turkiyaga qarshi bir qator iqtisodiy choralarni qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Oziq-ovqat va boshqa ko‘plab mahsulot turlari importi taqiqlandi, qurilish sohasida ishlayotgan Turkiya korxonalari faoliyatiga cheklovlar kiritildi.

Suriyadagi Rossiya harbiy samolyotlarini yaxshiroq qo‘riqlash maqasadida u yerga yangi S-400 zenit-raketa majmuasi olib kelindi. Bombardimonchi samolyotlar faqat qiruvchi samolyotlar kuzatuvida parvozga chiqadigan bo‘lishdi.