Iqtisodiyot | 14:48 / 05.02.2016
8962
2 daqiqa o‘qiladi

Tahlilchilar Rossiya iqtisodiy sanksiyalar va neft narxining tushishidan qancha zarar ko‘rganini hisoblab chiqishdi

Rossiya 2014-2017 yillarda moliyaviy sanksiyalar va neft narxining arzonlashuvidan 600 mlrd dollar miqdorida zarar ko‘rdi. Bu haqda «Vedomosti» nashri yozgan.

Iqtisodiy ekspertlar guruhi ma'lumotlariga ko‘ra, sanksiyalardan mamlakatga 170 mlrd dollar, neft va gaz sohasida 400 mlrd dollar zarar yetgan. 

Neftning bir barrelidan yo‘qotilgan mablag‘ 50 dollar, eksportdan keladigan daromaddan boy berilgan mablag‘ esa har barrelidan 100 dollarni tashkil etgan. Iqtisodchilar yalpi kapitalning qisqarishini 3 yarim yilda 280 mlrd dollar, shundan 85 milliard dollarlik qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi, deb hisoblashdi.

Tahlilchilarning fikricha, neft narxining tushishi va sanksiyalar biri-birining ko‘tarilishiga ham ta'sir etmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi pasayish so‘ngi uch yilda 8,4 foizni tashkil etgan, ya'ni yiliga 2,1 foiz.

Avvalroq, Yevroittifoq Rossiya iqtisodi yomonlashgani haqida ma'lum qilgandi. O‘z navbatida, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi boshlig‘i Aleksey Ulyukayev ham Rossiya iqtisodining dekabr oyidagi pasayishi 3,5 foizga yetganini aytgandi.